Namangan viloyati hokimining tegishli qarori bilan G‘ulomjon Sobitxo‘jayevich Murodxo‘jayev Pop tumani hokimi etib tayinlandi.
U ushbu lavozimda faoliyat yuritgan A’zamjon Mahmudovich Sultonovning o‘rnida ishga kirishdi. G‘ulomjon Murodxo‘jayev 1979 yil 14 noyabrda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1999 yili Namangan davlat universiteti, 2010 yili Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1999 yilda Namangan viloyati Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari boshqarmasida yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan.
U 2005-2021 yillarda Namangan viloyati monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, Namangan shahar hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Namangan viloyati mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori kabi mas’ul vazifalarda ish olib borgan.
Yangi tayinlovga qadar, ya’ni 2021 yildan buyon Namangan viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Yangi hokim xalq deputatlari Pop tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida rasman tasdiqlandi va tanishtirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.