Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pop-Namangan yo‘lini qayta qurish jadallashadi
09:01 / 2025-12-31

Vodiy viloyatlarini Toshkent bilan bog‘lovchi yo‘llardan biri hisoblangan “Farg‘ona halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining Pop-Namangan yo‘nalishidagi 75 kilometr qismi ayni vaqtda rekonstruksiya qilinmoqda.

Keng ko‘lamdagi ushbu bunyodkorlik ishlari xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha Xitoy Xalq Respublikasining “Citic Construction” kompaniyasi tomonidan “moliyalashtirish+loyihalash+qurish” tamoyili asosida to‘rt tasmali sementbeton bilan qoplanadi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda Xitoyning “Citic Construction Co., Ltd.” Kompaniyasining Yevropa va MDH davlatlari departamenti katta direktori Van Chanxua boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda loyihani tezlatish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. 

[gallery-26972]

O‘zaro muloqotda viloyat rahbari chet el sarmoyadorlarining muammolarini tinglab, ularni zudlik bilan hal etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Uchrashuvda loyihani sifatli hayotga tatbiq etish bo‘yicha masalalar atroflicha ko‘rib chiqilib, jarayonni tezlatishga kelishib olindi.     

Mazkur yirik qurilish ob’ektidan kutilayotgan samaradorlik ancha yuqori. Boshqacha aytganda, yuk ko‘tarish quvvati 13 tonna bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘llar uzunligi ulushini ko‘paytirish, yuk va yo‘lovchilar oqimining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha quvvatlar zaxiralarini to‘rt barobarga oshirish, baxtsiz hodisalarni kamaytirish, tumanlar aholisi va tadbirkorlari tomonidan Toshkentga borib-kelish hamda turizmni rivojlantirishga yanada qulaylik yaratadi.

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.