Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pomuq – qardosh xalqlar ahillikda yashayotgan diyor
10:41 / 2021-09-27

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi Pomuq shaharchasida «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» shiori ostida turli millat vakillari ishtirokida festival tashkil etildi.

Unda Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Yazguli Mamedov ishtirok etdi.

Faxriy mehmonni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘zbekona urf-odatlar bilan tantanali kutib oldi.

Dastlab festival doirasida milliy kurash musobaqasi o‘tkazildi. So‘ng viloyatdagi dutorchi qizlar ansamblining konsert dasturi namoyish etildi.

Mehmonlar shaharchada yaqindagina ta’mirlanib, ko‘rkam go‘shaga aylantirilgan xiyobonni tomosha qildi. U yerda turkman millatiga mansub kelin-kuyovlarni nikoh oqshomi bilan tabrikladi.

Shundan so‘ng keng ko‘cha bo‘ylab viloyatdagi har bir tuman vakillari tomonidan o‘ziga xos tarzda tashkil qilingan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdi.

Yazguli Mamedov G‘uzor tumani vakillari tomonidan tayyorlangan milliy taomlardan biri hisoblangan tandir go‘shtidan tatib ko‘rar ekan, hayratini yashirib o‘tirmadi. Oshpazning mahoratiga tahsin aytdi. Ayniqsa, Kitob tumani Varganza qishlog‘i anorlaridan maxsus tayyorlangan sharbat unga manzur bo‘ldi. Mehmonga o‘zbekona milliy do‘ppi sovg‘a qildi.

Aytish joizki, Mirishkor tumanining Pomuq shaharchasida asosan turkman millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Yazguli Mamedov festivalda ular tomonidan tayyorlangan turkman milliy taomi «Ishliki»dan tatib ko‘rar ekan, o‘z qadriyatlarini avaylab-asrab kelayotgan pomuqliklarga tashakkur bildirdi.

Ko‘rgazmada o‘z hunarini namoyish qilayotgan kasbilik kulol ham elchining e’tiborini tortdi.

Kasbilik kulol Muhriddin O‘roqov kasbilik usta kulollar avlodining oltinchisi. Yosh bo‘lishiga qaramay u ushbu hunar ortidan el ichida obro‘ topmoqda. Ko‘plab xalqaro va respublika miqyosidagi hunarmandlar festivallarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda. Muhriddin O‘roqovning ta’kidlashicha, u bugungi kunda 50 turga yaqin kulolchilik mahsulotlarini yasayapti va bu buyumlarga chet ellik sayyohlarning e’tibori tushgan.

Qamashi tumanida tashkil etilgan «Zebiniso» folklor jamoasining milliy termalari ijrosi ham elchi janoblarini xushnud etdi. Yazguli Mamedov ushbu ohanglar turkman milliy qo‘shiqlariga ham yaqinligini, bu esa o‘zbek va turkman millatlari azal-azaldan qardosh xalq ekanligini isboti ekanini ta’kidladi.

[gallery-4051]

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA