Pomidor kuyasi keltiradigan zarar
Sabzavotlar – insoniyat eng ko‘p iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari turkumiga kiradi.
Sabzavotlar – insoniyat eng ko‘p iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari turkumiga kiradi. Haqiqatdan ham, pomidor, bodring, turli ko‘katlar bir tomondan inson salomatligi uchun foydali bo‘lsa, ikkinchi tomondan, dasturxonlarimiz ko‘rki sanaladi. Lekin keyingi paytlarda mamlakatimizning barcha pomidor mahsuloti yetishtiriladigan hududlarda pomidorning asosiy zararkunandasi bo‘lmish pomidor kuyasi tarqalmoqda. Shu bois, respublikamizdagi barcha ulgurji va dehqon bozorlarida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari tomonidan karantin nazorati ishlari keng ko‘lamda olib borilmoqda.
Shu o‘rinda aytish joizki, pomidor kuyasi zararkunandasi respublikamizda 2015 yilda Navoiy, Buxoro, Toshkent viloyatlarida aniqlangan. Asl vatani Janubiy Amerika hisoblangan bu hasharot ituzumdoshlar oilasiga mansub o‘simliklarga, jumladan, pomidor, baqlajon, tamakiga jiddiy zarar yetkazadi. Zararlangan ko‘chatlar o‘sishdan orqada qoladi. Barglari sarg‘ayib, qurib ketishi mumkin. Mevalari zararlanishi oqibatida uning sifatiga jiddiy zarar yetadi. Hosildorlik keskin kamayadi. Zararkunandaga qarshi kurash chorasi olib borilmasa, hosil 100 foizgacha zararlanishi mumkin.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ushbu zararkunandaga qarshi kurashishning birinchi sharti – pomidor ekilgan maydonlarda ituzumdoshlar oilasiga kiruvchi o‘simliklarni yonma-yon ekmaslikdir. Qolaversa, sabzavotlar ekilgan maydonlarda feromon tutqichlar yordamida nazorat olib borish hamda kimyoviy preparatlar bilan ularga ishlov berish tavsiya qilinadi. Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, vitaminlarga boy va foydali oziq-ovqat mahsuloti bo‘lgan sabzavotlarni xalqimiz dasturxoniga sifatli va mazali qilib yetkazib berish uchun pomidor kuyasi zararkunandasini bartaraf qilish choralarini o‘z vaqtida amalga oshirish lozim. Buning uchun hududlardagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari hamda viloyat va tumanlardagi o‘simliklar klinikalariga murojaat etish tavsiya etiladi.
“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi
axborot xizmati