Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pomidor kombaynda terib olinadi
14:05 / 2017-02-21

Jomboy tumanida paxta maydonlari keskin qisqartirilib, g‘alla, meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, zamonaviy issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jomboy tumanida paxta maydonlari keskin qisqartirilib, g‘alla, meva-sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, zamonaviy issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Samarqand viloyatidagi intensiv bog‘larning katta qismi Jomboy tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Sabzavot mahsulotlari yetishtirish va uni qayta ishlash, yangi turdagi qishloq xo‘jalik ekinlari parvarishlash borasida ham tumanda boy tajriba to‘plangan. O‘tgan yili tumanda Gollandiyaning “Beyo-Zaden” va Ukrainaning “Gelios-1” kompaniyalari bilan hamkorlikda intensiv usulda sabzavot yetishtirish bo‘yicha tajriba almashildi.

– O‘tgan yili tumandagi 22 fermer xo‘jaligining 20 gektar yerida yangi ekin turlari – pasternak, sikori, keyl karami, yashil qovoqcha, pirey piyozi (lukpari), brokli karami sinovdan o‘tkazildi, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i A.Obloqulov. – Barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilgani, muhimi, tuproq va iqlim sharoiti to‘la mos kelgani tufayli ushbu ekinlardan kutilganidan ham ziyod hosil olindi. Yetishtirilgan mahsulotlarning asosiy qismi viloyatdagi korxonalarda qayta ishlanib, xorijga eksport qilindi. Shu bois joriy yilda 430 gektar yerda brokli karami, yashil qovoqcha, sikori, lukpari ekinlari, shuningdek, sabzavotning xorijdan keltirilgan o‘ndan ortiq yangi va serhosil navlarini to‘qsonbosti usulida yetishtirayapmiz. Bu mahsulotlarni sotib olish va eskport qilish bo‘yicha viloyatdagi bir qator korxonalar bilan shartnomalar imzolangan.

2016-yilda tumandagi “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo‘jaligida 350 gektar maydonda pomidorning intensiv navlari yangi usulda ekilib, parvarishlandi. Italiyadan keltirilgan maxsus seyalka yordamida urug‘ tarzida ekilgan pomidorning gektaridan o‘rtacha 80 tonnadan hosil olindi.

– Keyingi yillarda yurtimizda pomidor yetishtirishda turli o‘simlik kasalliklari tufayli murakkabliklarga duch kelinmoqda, – deydi “Maroqand meva-sabzavot” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi I.Tursunov. – Yangi usulda pomidor yetishtirish bunday holatlarning oldini olish, yer va suvdan unumli foydalanish, o‘g‘it tejamkorligiga erishish hamda qo‘l mehnatining kamligi bilan bizga ma’qul bo‘ldi. Kasallikka chidamli, zararkunandalardan xoli bo‘lgan bu pomidor urug‘i zarur vositalar bilan ishlov berilgan holda ekildi. Ekin uchun kerakli o‘g‘it suvga qo‘shilib tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida berildi. To‘qson kunda pishib yetilgan hosil Germaniyadan keltirilgan maxsus kombaynlar yordamida terib olindi va qayta ishlanib, xorijga eksport qilindi. Bu yil xo‘jaligimizda yana ham ko‘proq maydonda yangi usulda pomidor yetishtirish va hosildorlikni 100 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Joriy yilda tumanda intensiv bog‘larni kengaytirish, yong‘oqzorlar tashkil etish va boshqa eksportbop qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish ko‘zda tutilgan.