Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Polvonlarimiz nufuzli musobaqalarga puxta tayyorlanmoqda
17:07 / 2014-08-08

Bu yil mamlakatimiz sportchilari uchun o‘ta mas’uliyatli yil. Jumladan, erkin va yunon-rum kurashi ustalarini qator nufuzli musobaqalar kutayotir.

Bu yil mamlakatimiz sportchilari uchun o‘ta mas’uliyatli yil. Jumladan, erkin va yunon-rum kurashi ustalarini qator nufuzli musobaqalar kutayotir. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tadigan II o‘smirlar Olimpiadasida qatnashsa, kattalar terma jamoasi Janubiy Koreyaning Incheon shahri mezbonlik qiladigan XVII Osiyo o‘yinlari va poytaxtimizda tashkil etiladigan jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan qator sport turlari, jumladan, erkin va yunon-rum kurashi ham jadal rivojlanmoqda. Sportchilarimiz barcha nufuzli musobaqalar – Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, yorug‘ yuz bilan qaytishmoqda. Erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari Olimpiya o‘yinlarida 4 oltin, 3 kumush medalni qo‘lga kiritgani ham ana shu yuksak e’tibor samarasidir.

Bunday yutuqlar zamirida yoshlarimizning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, mashg‘ulotlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor mujassam.

Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan sportchilarning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. Shu bilan birga, erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha terma jamoalarga yangi iste’dodlarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda.

2010-yili Singapurda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi I Olimpiya o‘yinlarida umidli sportchilarimizdan Diyorbek Ergashev, Ruslan Komilov va Nilufar Gadoyeva sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda Nankin shahri mezbonlik qiladigan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiadada ham yosh polvonlarimiz bu an’anani davom ettirishi shubhasiz.

Nufuzli musobaqaning yunon-rum kurashi bahslarida Ilhom Bahromov va Abubakr Alimov yurtimiz sharafini himoya qilsa, xotin-qizlar kurashida Shahodat Jo‘lliboyeva ishtirok etadi.

Sportchilarimiz Nankin Olimpiadasiga yo‘llanmani joriy yilning may oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan erkin, yunon-rum va xotin-qizlar kurashi bo‘yicha o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarida umidli sportchimiz Ilhom Bahromov vazni 50 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida barcha raqibini mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Abubakr Alimov vazni 69 kilogrammgacha og‘irlikdagi kurashchilar o‘rtasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Xotin-qizlar kurashi bellashuvlarida qatnashgan Shahodat Jo‘lliboyeva 52 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida bronza medal bilan taqdirlandi.

Yosh kurashchilarimiz ayni paytda Olimpiada oldidan Toshkent viloyatida tashkil etilgan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashmoqda.

– Mashg‘ulotlar davomida jismoniy va texnik-taktik tayyorgarligimizni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdik, – deydi Shahodat Jo‘lliboyeva. – Xorijlik sportchilar bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik. Nankinda bo‘ladigan o‘smirlar Olimpiadasida shohsupaga ko‘tarilib, Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga munosib sovg‘a bilan qaytish niyatidamiz.

Erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoalari a’zolari ham joriy yilning 8-14-sentabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan jahon chempionati va 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Incheon shahrida bo‘ladigan Osiyo o‘yinlarida munosib qatnashish uchun puxta hozirlik ko‘rmoqda.

Poytaxtimiz mezbonlik qiladigan jahon chempionati polvonlarimiz uchun o‘ziga xos sinov, tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘taydi. Bu nufuzli musobaqani o‘tkazishga 12 davlat da’vogarlik qilgan edi. Lekin London Olimpiadasi doirasida bo‘lib o‘tgan Xalqaro sport kurashlari federatsiyasi kongressida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga yuksak e’tibor qaratilayotgani, zamonaviy sport infratuzilmasi shakllangani va musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha yetarli tajriba mavjudligi e’tiborga olinib, jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqi mamlakatimizga berildi.

Bu galgi jahon chempionatida yuzdan ziyod davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish, musobaqa tashkil etiladigan joyning xalqaro standartlarga mos kelishini ta’minlash, zarur jihoz va uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha izchil ish olib borilayotgan bo‘lsa, nufuzli musobaqada ishtirok etadigan terma jamoamiz a’zolari ham tajribali murabbiylar – Ravil Biktyakov, Aleksandr Nedorezov va Ahmet Kagarmanov boshchiligida mashg‘ulotlarga zo‘r bermoqda.

– Nufuzli musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilish har bir sportchining orzusi, – deydi yunon-rum kurashi bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori Elmurod Tasmurodov. – Maqsadimiz – poytaxtimizda o‘tkaziladigan jahon chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdir.

Jahon va qit’a miqyosidagi musobaqalar sportchilarimizning tajriba va mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa 2016-yili Braziliyada bo‘ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘z samarasini berishi shubhasiz. Zero, o‘zbekistonlik kurashchilar 2000-yildan buyon sport olamining eng nufuzli musobaqasidan medalsiz qaytmagan. Rio-de-Janeyroda ham yutuqlar avvalgilaridan kam bo‘lmasligiga ishonamiz.