Polsha Bosh vaziri Donald Tusk mamlakatning istiqbolda yadroviy salohiyatga ega bo‘lish imkoniyati ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Bu haqda "Bloomberg" agentligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Varshava yadroviy xavfsizlik masalasiga o‘ta jiddiy yondashmoqda va ushbu yo‘nalishda iloji boricha mustaqil harakat qilishga tayyorlanyapti. Polsha ayni masalada sustlashishni istamaydi.
Bosh vazir atom energetikasi va milliy xavfsizlik bilan bog‘liq loyihalar ko‘lami kengaytirilayotganiga ham urg‘u berdi. Qolaversa, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan ilgari surilgan ittifoqchi davlatlar hududida yadro qurolini tashishga qodir qiruvchi samolyotlar vaqtincha joylashtirilishi tashabbusi yuzasidan Parij bilan muzokara olib borilganini ma’lum qildi.
Tusk aytishicha, bu mavzuda Shvetsiya, Daniya kabi Yevropa davlatlari bilan ham maslahatlashilgan. Ayrim mamlakatlar mazkur tashabbusga qiziqish bildirgan. Muzokara navbatdagi bosqich, 10-mart kuni Parijda bo‘lib o‘tadigan yadroviy energetika sammiti doirasida davom ettiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2-mart kuni Makron global xavf-xatar kuchayib borayotganini inobatga olgan holda, Fransiya yadroviy salohiyatini kuchaytirishini bildirgan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA