Polsha o‘z havo hududida uchuvchisiz samolyotlar bilan sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilishi chaqirilishini so‘ramoqda, deya ma’lum qildi Koreya Respublikasining sentyabr oyida jahon tashkilotiga raislik qiluvchi missiyasi.
— Hozir uchrashuv aynan qachon bo‘lib o‘tishi muhokama qilinyapti, — deyilgan bayonotda.
Kecha Polsha Bosh vaziri Donald Tusk “xavf tug‘diruvchi” uchuvchisiz uchoqlar mamlakat osmonida urib tushirilganini da’vo qilib, samolyotlarni “ruslarniki” dedi, biroq bunga hech qanday dalil keltirmadi. Keyinroq Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayen ham ushbu davlat osmonida o‘ndan ortiq uchuvchisiz uchar qurilmalar paydo bo‘lganini aytdi.
Rossiya muvaqqat ishlar vakili Andrey Ordash “RIA Novosti”ga ma’lum qilishicha, Polsha mamlakat hududi uzra urib tushirilgan dronlar Rossiyadan uchib kelganiga dalil keltirmagan.
— 16 ta dron qoldig‘i topildi, — deya xabar tarqatgan Polsha Ichki ishlar vazirligi. Voqea munosabati bilan Prezident Karol Navrotskiy Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqiradi. Bu haqda jurnalistlarga davlat yetakchisi devoni rahbari Zbignev Bogutskiy bildirgan. Uning ta’kidlashicha, uchrashuv sanasi va vaqti Seym spikeri Shimon Xolovnya bilan kelishilgan.
S.Rahimov, O‘zA