Polsha 45 mlrd yevrolik mudofaa krediti olmoqchi
Polsha Yevropa Komissiyasining mudofaa loyihalarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan “SAFE” kreditlari bo‘yicha eng yirik talabni kiritdi. Varshavaning so‘rovi jami 127 mlrd yevrolik arizalarning uchdan bir qismini tashkil etadi.
Mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Vladislav Kosinyak-Kamysh bu mablag‘lar Polsha qurolli kuchlarining asosiy imkoniyatlarini mustahkamlash, jumladan, “Sharqiy qalqon” dasturini rivojlantirishga yo‘naltirilishini ta’kidladi.
Polshaning mudofaa xarajatlari 2022 yilda YAIMning 2,7 foizidan 2024 yilda 4,2 foizga ko‘tarilgan bo‘lib, bu NATOdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. 2025 yilda bu raqam 4,7 foizga yetishi taxmin qilinmoqda.
Komissiya noyabr oyining oxirigacha boshqa a’zolardan ham arizalar tushishini kutmoqda. “SAFE” kreditlari uchun asosiy shart – xarid qilinadigan harbiy tizim qiymatining uchdan ikki qismi YeI yoki Yevropa iqtisodiy hududida ishlab chiqarilgan bo‘lishidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA