Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan Milliy gvardiya harbiy qismi sport shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning jamoalari o‘rtasida polo bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Musobaqa boshlanishi oldidan Milliy gvardiyaning kavaleriya eskadroni harbiy xizmatchilari hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi ashula va raqs ansambli tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shundan so‘ng, 4 ta jamoa o‘rtasidagi polo bellashuvlariga start berildi. Unda Chegara qo‘shinlarining “Chegarachi” jamoasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar Bosh boshqarmasi huzuridagi otliq otryad vakillarini mag‘lub etishdi. Ikkinchi juftlikda Milliy gvardiya jamoasi Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlariga imkoniyat qoldirmadi.
Finalda bahsida tajriba bobida ustun bo‘lgan “Chegarachi” jamoasi bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozondi. “Chegarachi” - “Milliy gvardiya” – 4:3.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar kubok, medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA