Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 1-sonli politexnikumda dual ta’lim tizimi samarali yo‘lga qo‘yildi.
Yangi tizim yoshlarga o‘z iqtidor va qiziqishlariga mos kasbni tanlash, mehnat bozorida munosib o‘rin topish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini yaratadi.
Yaqinda tuman hokimligi tomonidan mazkur ta’lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 300 million so‘mlik zamonaviy tikuv jihozlari, payvandlash va avtomobil ustaligi uchun zarur uskunalar taqdim etildi. Bu amaliy mashg‘ulotlarning samaradorligini yanada oshirdi va dual ta’lim tizimini joriy etishga zamin yaratdi.

Politexnikum talabalari nazariy bilimlarni sinflarda, amaliy ko‘nikmalarni esa ustaxonalar va mahalliy korxonalarda o‘zlashtirmoqda. Hozirda talabalar tikuvchilik, chilangarlik, duradgorlik, payvandlash kabi kasblarni egallashmoqda. Eng asosiysi talabalar uchun dual ta’lim o‘z qiziqishlari va qobiliyatlarini amaliyotda sinash imkonini bermoqda.

– Dual ta’lim orqali nazariy bilimlarimni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtiryapman, – deydi politexnikumning tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan Munisa Ne’matjonova. – Tikish, bichish va dizayn bo‘yicha o‘tilayotgan amaliy mashg‘ulotlar kasbiy malakamni rivojlantirish, kelajakda ish faoliyatimda zarur tajriba to‘plash imkonini bermoqda.
Politexnikum direktori Nazirjon Xo‘janov dual ta’lim tizimining ahamiyati haqida shunday fikrlarni bildirdi:
– Dual ta’lim — bu o‘quvchilarni zamonaviy ishlab chiqarish talablariga moslashtirishning eng samarali usuli, Bunda yoshlar faqat nazariy bilimga emas, balki amaliy tajribaga ham ega bo‘lishadi. Shu orqali ular mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida shakllanadi. Bundan tashqari, dual ta’lim mahalliy korxonalar bilan hamkorlikni mustahkamlab, ishlab chiqarish va ta’limni uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Ta’lim muassasasi rahbariyati ta’kidlaganidek, dual ta’lim tizimi asosiy ta’lim jarayoniga hech qanday xalaqit bermaydi, balki o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va tanlagan kasblariga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Politexnikum 475 o‘rinli bo‘lib, zamonaviy o‘quv xonalari, ishchi ustaxonalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Bu shart-sharoitlar yoshlarga zamonaviy bilim va malaka egallash imkonini beradi.
– Yana bir gap, – deydi direktor. – Dual ta’lim tizimining joriy etilishi ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlaydi va yoshlarning kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Bitiruvchilar ko‘pincha mahalliy korxonalarda ish bilan ta’minlanadi, ba’zilari esa shaxsiy ustaxonalarini tashkil etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa o‘z navbatida mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA