Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Politexnikumda amaliy tadbir o‘tkazildi
23:36 / 2025-11-22

Mirzaobod tumandagi politexnikumda O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashining Ayollar va Yoshlar masalalari bo‘limlari hamkorligida “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan amaliy tadbir tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlar bilan oilada tinch va barqaror muhit yaratish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak berish va yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mahalla yettiligi va xotin-qizlar bo‘limi xodimlari zo‘ravonlik holatlarining kelib chiqish sabablari va ularga qarshi ko‘riladigan choralar haqida tushuntirish berdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida mamlakatda ayollarga nisbatan 48 303 ta tazyiq va zo‘ravonlik holati qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 121 foizga ko‘pdir.

– Shu bois O’zLiDeP va hamkor tashkilotlar har bir xonadonga kirib, oila barqarorligini ta’minlash va yoshlarni faol hayotga jalb qilish bo‘yicha izchil ishlar olib bormoqda,– dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Elyor Jo‘rayev. – Asosiysi, bunday uchrashuvlar yoshlarda ijtimoiy mas’uliyat va iqtisodiy bilimlarni boyitadi.

Tadbirda yoshlar uchun kreativ iqtisodiyot imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalish modadan dizaynga, IT va reklama, media, hunarmandchilik va turizm orqali qiymat yaratadi. O‘zbekistonda ushbu tashabbus orqali yangi g‘oyalarga yordam berish, startap va kreativ studiyalarni rivojlantirish, hududlarda kreativ klasterlar tashkil qilish hamda milliy suvenir va dizayn mahsulotlarini eksportga chiqarish ishlari olib borilmoqda.

Kreativ iqtisodiyotning asosiy afzalligi — katta moliyaviy sarf talab qilmasligi, asosiy kapital esa g‘oya va iste’dod hisoblanadi. Shu bois chekka hududlarda ham grafik dizayn, SMM, 3D-modellash va kichik atelelar orqali yoshlar bandligini ta’minlash mumkin.

Tadbir yakunida yoshlar savollari muhokama qilindi va amaliy yechimlar belgilandi. Muhimi, ushbu uchrashuv “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoya va oila mustahkamligini ta’minlash yo‘nalishlarini amalda ko‘rsatdi.

G‘ulom Primov, O‘zA