Polina Kudermetova rasman sport fuqaroligini o‘zgartirib, endilikda xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston Respublikasi sharafini himoya qilishi borasida ma’lumot bergan edik.
Ushbu tennischining yangilangan sport fuqaroligi Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) hamda Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) rasmiy manbalarida ham tasdiqlandi. Bu qaror nafaqat sportchining shaxsiy faoliyatida, balki O‘zbekiston ayollar tennisi rivojida ham muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Ayni paytda Polina Kudermetova WTA jahon reytingida 104-o‘rinda qayd etilgan. U so‘nggi yillarda ITF va WTA turnirlarida barqaror o‘yin namoyish etayotgan, yosh istiqbolli tennischilardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
U professional faoliyati davomida yakka bahslarda 9 ta, juftlik bahslarida esa 4 ta ITF turnirida g‘alaba qozongan. Joriy yilgi mavsumda Polina Kudermetova “WTA 500 Brisbane” turnirida faoliyatida ilk bor finalgacha yetib borib, xalqaro tennis jamoatchiligi e’tiborini yanada kuchaytirdi. Yarim finalda Anjelina Kalininaga qarshi bahsda qo‘lga kiritilgan 6-4, 6-3 hisobidagi g‘alaba sportchining katta turnirlarda raqobatbardosh ekanini yaqqol namoyon etdi.
Shu musobaqa doirasida reytingda ancha yuqori o‘rinda turgan Darya Kasatkina ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba esa Kudermetovaning “WTA Top-100” safiga kirishiga xizmat qildi. Shuningdek, u Seul va Meridada o‘tkazilgan WTA turnirlarida bir necha bor chorak final va yarim final bosqichlariga qadar yetib bordi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA