Polina Kudermetova Avstraliyadagi yurishini g‘alaba bilan boshladi
Avstraliyada ayollar o‘rtasida tennis bo‘yicha “Canberra Challenger” turnirining asosiy to‘r bahslari birinchi davra uchrashuvlari start oldi.
Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur musobaqada yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosiga aylangan 22 yoshli Polina Kudermetova ilk bosqichda neytral maqomdagi tennischi Alina Korneyeva bilan kuch sinashdi. Ikki set davom etgan ushbu to‘qnashuvda tennischimiz 6:2, 6:3 hisobida zafar quchdi va keyingi davraga o‘tdi.
Endi Polina Kudermetova 7 yanvar kuni mazkur nufuzli turnirning 1/16 bosqichida serbiyalik Lola Radivoyevichga qarshi kortga chiqadi.
Afsuski, Polina “Canberra Challenger” turnirining juftlik bahslari birinchi davrasida italiyalik Lyusiya Bronsetti bilan tandemda kutilmaganda mag‘lubiyatga uchradi va ushbu yo‘nalishdagi ishtirokini erta yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA