O‘zbekiston fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida “Polimer fanining holati va istiqbollari: olinishi, tuzilishi, xossalari va qo‘llanilishi” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy forumda O‘zbekiston va Tojikiston olimlari bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasidan polimerlar haqidagi fan sohasida tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi olimlar ishtirok etdi.
Mazkur institut O‘zbekiston Respublikasidagi sintetik va tabiiy polimerlar kimyosi, fizikasi va texnologiyasi yo‘nalishidagi yetakchi ilmiy muassasa bo‘lib, 45 yil avval tashkil topgan.
O‘tgan 45 yil davomida fundamental va amaliy tadqiqotlar vazifalarini belgilashda asosiy istiqbolli yo‘nalishlar sifatida agrosanoat kompleksi, tibbiyot hamda sanoatning turli tarmoqlari uchun yangi materiallar va nanotexnologiyalar borasidagi samarali ishlanmalarni ilgari surdi va mazkur yo‘nalishlardagi ilmiy faoliyatni izchillik bilan davom ettirib kelmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Mje7uo6O86k" title="Polimerlar haqidagi fanni rivojlantirishda olimlar hamkorligi yanada mustahkamlanadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yo‘nalishlararo fan hisoblangan polimerlar haqidagi fan sohasidagi tadqiqotlarni rivojlantirish asnosida institutda ilk bora o‘simliklarni himoyalashning kimyoviy vositalari polimer preparativ shakllarini qo‘llashning ekologik xavfsiz texnologiyasini yaratish borasida fundamental va amaliy g‘oyalar shakllantirildi.
– Bunday simpoziumlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad – ilm-fanning zamonaviy jahon andozalari va tendensiyalariga mos keladigan sifat jihatidan yangi rivojlanish darajasiga o‘tishiga ko‘maklashishdan iborat, – deydi Texnika fanlari doktori Haydarali Yunusov. –Shuningdek, mahalliy fundamental va amaliy kimyo fanining izchil rivojlanishini ta’minlash, innovatsion ishlanmalar orqali mamlakat iqtisodiyotini xomashyo yo‘nalishidan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishgacha joriy etishda hissa qo‘shish, ta’lim sohasida munosib o‘ringa ega bo‘lishdan iborat.
Mazkur simpoziumning o‘tkazilishi respublikamizda polimerlar haqidagi fanni rivojlantirish yo‘lida olimlar hamkorligini yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA