Toshkentda “Polimerlar haqidagi fan istiqboli” mavzusida O‘zbekiston - Rossiya mikro simpoziumi bo‘lib o‘tmoqda.
Polimerlar sohasida faol tadqiqot olib borayotgan O‘zbekiston olimlari bilan birga Rossiya Federatsiyasidan yetakchi mutaxassislar ham ishtirok etayotgan mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan.
Anjumanning ochilishida FA akademigi S.Rashidova so‘nggi yillarda mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqichga qadam qo‘yilganini ta’kidladi. Bu jarayonda mamlakat ilmiy-texnik salohiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qamrab oluvchi islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni yo‘nalish rivojiga O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti munosib hissa qo‘shmoqda. Mamlakatimizdagi sintetik va tabiiy polimerlar kimyosi, fizikasi va texnologiyasi yo‘nalishidagi yetakchi ilmiy muassasa hisoblangan bu institut 44 yil avval tashkil etilgan. O‘tgan yillar davomida izchil faoliyat olib borgan maskanda fundamental va amaliy tadqiqot vazifalari, istiqbolli yo‘nalishlar aniq belgilab olindi. Xususan, sohalar ehtiyojidan kelib chiqib, agrosanoat majmuasi, tibbiyot hamda sanoatning boshqa turli tarmoqlari uchun yangi materiallar, nanotexnologiya vositalari yaratish yo‘lida samarali ishlanmalar ilgari surilmoqda.
Institutda ilk bor o‘simlikni himoyalaydigan kimyoviy vositalar polimer perarativ shaklini qo‘llash bilan bog‘liq ekologik xavfsiz texnologiya yaratish borasida fundamental va amaliy g‘oyalar shakllantirildi. Natijada tabiiy va sintetik polimer, hamda muayyan aralashmalar asosidagi biologik faol polimer mahsulotlar qo‘llangan holda, urug‘ni kapsulalash usuli bilan ishlov berish orqali yerni ekishga tayyorlaydigan ekologik xavfsiz texnologiya hamda pestitsidning ekologik xavfsiz polimer shaklini ishlab chiqarish texnologiyasi shakllantirildi.
Tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ipakchilik, urug‘chilik sohalari uchun zarur ko‘plab ekologik xavfsiz preparatlar ishlab chiqarilib, muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilmoqda. Jumladan, tibbiyot sohasidagi tadqiqotlar natijasida virusga qarshi “GlazAvir” dorivor ko‘z plyonkasi, “Nanoderm” bakteritsid plyonkasi kabi preparatlarni olish texnologiyasi ishlab chiqildi va klinikagacha sinovi yakunlandi. Mahalliy xom ashyodan gripp va O‘RVI kasalliklarining oldini olish va bunday xastaliklarni davolash uchun “SelAgrip” – bevosita virusga qarshi faollikka ega interferon polimer induktori ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi.
Hozirgi vaqtga qadar institut ilmiy laboratoriyalarida nanotexnologiya asosida polimer yaratish yo‘lida tadqiqot olib borilmoqda. Bu vaqt davomida 5 ta fundamental, 14 ta amaliy, 4 ta innovatsion, 2 ta yosh olim loyihasi va 6 ta xalqaro hamkorlik loyihasi amalga oshirildi.
– Ayni simpozumlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maksad ilm-fanning zamonaviy jahon andozasi va tendensiyasiga mos keladigan, sifat jixatidan yangi rivojlanish darajasiga o‘tishiga ko‘maklashish, – deydi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Ibragimov. – Bu kabi tadbirlar eng nufuzli xorijiy ilmiy dargohlar – akademiyalar bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlar malakasini oshirish, ilm-fan sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar, istiqbolli g‘oyalar haqida batafsil ma’lumot olish imkonini beradi.
[gallery-14378]
Simpoziumda yetakchi olimlar ma’ruzalari tinglanib, turli mavzular har tomonlama muhokama qilinadi. Materiallar yuzasidan davra suhbati, munozara olib borib, polimerlar haqidagi nano fan sohasida Rossiya va O‘zbekiston yutuqlari tahlil qilinadi. Bu polimerlarni olish, qayta ishlash va qo‘llash borasida ish yuritayotgan korxona, kompaniyalarning ilmiy ishlanmalarga nisbatan ehtiyojini bilish, mutaxassislarimizning fan, ta’lim va tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishga zamin yaratadi.
Ikki kun davom etadigan ilmiy anjuman dasturida o‘ttizga yaqin ma’ruza taqdim qilinishi ko‘zda tutilgan.
Go‘zal Sattorova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA