Poligrafiya va qadoqlash sanoatidagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish qilindi
Poytaxtimizda “Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016” hamda “Kimyo va plastmassa sanoati – Chemie & Plastex Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda “Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016” hamda “Kimyo va plastmassa sanoati – Chemie & Plastex Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi va “ITE Uzbekistan” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmalarda turli mamlakatlardan ellikdan ortiq kompaniya qatnashdi.
“Poligrafiya va qadoqlash – O’ZBEKinPRINT – O’ZuPACK – 2016” o‘n sakkizinchi xalqaro ko‘rgazmasida tarmoqdagi eng so‘nggi yutuqlar namoyish qilindi. Bosma mahsulotlar tayyorlash uchun ixcham texnologiyalar, yirik chop etish uskunalari, ikkilamchi materiallar, buyoq mahsulotlari hamda kompaniyalarning dasturiy mahsulotlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ishtirokchi kompaniyalar bosma mahsulotlarga bo‘lgan buyurtmalarni kichik, o‘rta va ommaviy tirajda tayyorlab beradi. Bu milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi yirik sanoat obyektlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun juda qulaydir.
Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekistonda 2015-2019-yillarda ishlab chiqarishda tuzilmaviy o‘zgarishlar, modernizatsiya va diversifikatsiyalashni ta’minlashga qaratilgan loyihalar bo‘yicha 410 dan ziyod yangi korxona tashkil etish hamda 450 dan ortiq korxonani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash mo‘ljallanmoqda.
– Ikki yildan buyon lazerli uskunada ishlov berish orqali matbuot, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati uchun qoliplar, qutilar ishlab chiqarayotirmiz, – deydi Yakkasaroy tumanidagi “Greencode lazer” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Jo‘rabek Sultonov. – Qo‘shimcha ravishda turli suvenirlar, shaxmat va shashka taxtasi, taqinchoqlar uchun maxsus ishlov berilgan qutilar ham tayyorlayapmiz.
“Kimyo va plastmassa sanoati – Chemie & Plastex Uzbekistan – 2016” xalqaro ko‘rgazmasida taklif etilgan mahsulotlar va uskunalar o‘ziga xosligi bilan alohida ahamiyatga ega. Zero, plastmassalar va polimerlar industriyasi yil sayin mavqeini mustahkamlab bormoqda. Chunki plastmassa qimmatbaho metallar, beton va yog‘och konstruksiyalar, po‘lat o‘rnini bosib, materiallarni tejash, tannarxni arzonlashtirishda qo‘l keladi.
– O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarimizni mustahkamlashda ushbu ko‘rgazmalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda, – deydi Hindistonning “Omega Plasto Compounds” kompaniyasi bosh direktori Kamal Arora. – Chunki unda qatnashib, yangi hamkorlar topishga muvaffaq bo‘layapmiz. Biz mazkur ko‘rgazmalarda kimyo sanoati uchun modifikatsiyalangan qo‘shimchalarni taklif etdik. Ular ko‘magida polietelin paketlar, bir martalik plastmassa idishlarning sifati yaxshilanib, qattiqligi va qalinligi ta’minlanadi. Qo‘rgazmalar biz uchun samarali bo‘lib, yigirmadan ortiq shartnoma imzolashga erishdik.
Ko‘rgazmalarda Germaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Tayvan, Hindiston va boshqa davlatlardan yirik kompaniyalar o‘z mahsulotlari, xizmatlari bilan ishtirok etdi.
– Korxonamiz akva eshik va romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, –deydi Samarqand tumanidagi “Nafosat” kichik korxonasi rahbari Isomiddin Sharipov. – Tomchilatib sug‘orish texnologiyalariga talab oshgani bois biz ham faoliyatimizni yanada kengaytirish chora-tadbirlarini ko‘rayotirmiz. Shu maqsadda ko‘rgazmaga kelib, bizga kerakli bo‘lgan zamonaviy texnologiyani topdik. Xitoyda ishlab chiqarilgan tomchilatib sug‘orishda kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlar va trubalarni tayyorlaydigan bu uskunani kredit hisobidan xarid qilish uchun shartnoma imzoladik.