Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poklik va ozodalik – sog‘lom hayot garovi
12:08 / 2025-04-09

Xalqimiz qadimdan ozoda, saranjomu sarishta hayot kechirgan. Bizning zimmamizdagi muhim vazifalardan biri ham ana shu an’anaviy qadriyatlarga amal qilib, uni yosh avlodga ham yetkazish, o‘rnak bo‘lishdir.

Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilaman. Har kuni ishga ketishimda va qaytar chog‘imda ayrim xonadonlar ostonasida turgan chiqindilarga ko‘zim tushadi. Ba’zan chiqindilar kunlab, hatto haftalab yoyilib yotadi. Afsuski, shunday kimsalar bor, ular insonlarga yengillik yaratish u yoqda tursin, o‘zi yuradigan, ishlaydigan, boringki, o‘zi yashab turgan joylarini ham ifloslantiradi, yashnab turgan daraxt shoxlarini sindirishadi, kesishadi, yon-atrofga chiqindi tashlaydi. Oqibatda atrof-muhit zararlanadi, tuproqning ekologik holati buziladi. Bu albatta, juda xunuk holat.

Rivoyat qilishlaricha, o‘tgan zamonlarda bir podshoh saroyga olib keladigan yo‘lning ustiga katta tosh qoyasini keltirishni amr etibdi. O‘zi esa saroy oynasidan nima bo‘lishini kuzatib turibdi.

Kun bo‘yi mamlakatning eng boy fuqarolari, eng kuchli karvonboshilari, saroy ishchilari bir-bir kelibdi. Lekin ular toshni aylanib o‘tishar, ko‘plari esa podshohning soliq olishini, lekin ko‘chalarni ozoda saqlash uchun bir narsa qilmayotganini tanqid qilishibdi. Kech kirganda yo‘l boshida saroyga meva-sabzavot olib keladigan dehqon ko‘rinibdi. Lekin yo‘lda turgan toshni ko‘rib, qo‘lidagi savatni yo‘l chetiga qo‘yib, toshni ikki qo‘li bilan quchib, turtina-surtina sura boshlabdi. Qora terga tushib, oxiri toshni yo‘lning chetiga chiqaribdi. Savatining oldiga qaytganida tosh o‘rnida hamyon ko‘ribdi. Ochibdi, hamyonda oltinlar bilan podshohning xati ham bor ekan. Unda “Bu oltinlar toshni yo‘ldan olib tashlagan kishiga tegishlidir”, — degan so‘zlar bitilgan ekan.

Darhaqiqat, yo‘llarda odamlarga zarar yetkazuvchi narsalarni olib tashlash, manzillarimizni ozoda saqlashning savobi katta. Tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari qoidalar qat’iy amal tusiga kirishi lozim. 

Farzandlarimga toza va musaffo havo, iqlim, oltinga teng to‘rtta fasl va boshqa ko‘p narsalar bizga berilgan qimmatli in’om ekanini, uni asrashga barcha birdek mas’ulligini, bizlar o‘zimiz yashab turgan hududga turli daraxt ko‘chatlarini ekib obod qilsak, bundan nafaqat insonlar, balki qushlar ham manfaat topishini uqtirib kelaman.

Xorazmdagi maktablarning birida plastik idishlarni to‘plash uchun oddiy simlardan yasalgan idish o‘rnatildi. Mazkur idishning balandligi naq 2,5 metr. Hududdagi qolgan maktablarda ham bu tajriba allaqachon yo‘lga qo‘yilibdi. Maktablarda haftaning shanbasi sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni targ‘ib etish kuni. To‘plangan plastik idishlar har hafta maxsus mashinada olib ketiladi, tushgan pul maktab ehtiyojlari, tozalik ishlari, to‘tiqush va baliqlarni oziqlantirish uchun ishlatiladi. Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, haftalik daromadning eng kami 450 ming, eng ko‘pi 850 ming so‘mni tashkil etadi. Bu juda qiziq va foydali tashabbus sanaladi. Tabiatni asrash, tozalikka mehr bog‘cha va maktabdanoq shakllanib borishi kerak. Chunki yosh avlodda ona tabiatga hurmat, uning bebaho ne’matlarini ardoqlash tuyg‘usini oshirish orqali tozalikka rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Poklik va ozodalik – sog‘lom hayot garovi

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA