Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokiza tuyg‘ularning betakror badiiy ifodasi
14:34 / 2026-01-22

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoira va jurnalist Zebo Omonovaning “Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan “Zangori dil” she’riy to‘plami taqdimotiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Qanot” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

100 ga yaqin eng sara she’rlar o‘rin olgan mazkur kitob muallifning sof va nurli muhabbati, dilidagi eng samimiy kechinmalari, pokiza nafasi, insoniyatga bo‘lgan adoqsiz mehr bulog‘ining yorqin ramzidir.

Shoira chindan ham doim yuksaklik sari intilgan, hayotning sinovli qismatiga bardosh bera olgan, tom ma’nodagi matonatli ayol timsolidir. U o‘zining umr yo‘llarida orttirgan tajribasi, idrok va tasavvurlari, xulosalarini dilbar va nafis tarzda ifodalaydi.

Misol uchun, ozodlik qadri tobora ortib borayotgan hozirgi murakkab davrimizda shoiraning “Vatan”ni qalb me’rojidagi muqaddas Ka’baga qiyoslashi, “Anglash” she’rida esa “Angladim, men sensiz hech kimman, Vatan!” deya iqrorlik keltirishi har bir millatdoshimiz, ayniqsa, yoshlar uchun ma’naviy o‘git kabi yangraydi.  

Muallifning “Ona”, “Hayot sinovlari”, “Ruhim”, “Kimman?” “Ichikkan o‘zlik”, “Xotirlash”, “Iztirob”, “Qalbim bog‘lari”, “Tafakkur kemasi” kabi she’rlari o‘quvchi qalbini beixtiyor o‘ziga rom qiladi, mudrab yotgan go‘zal hislarni uyg‘otadi, o‘zini taftish qilayotgan inson qiyofasining turli qarashlari va rang-barang chiziqlarini namoyon etadi.  

Kitobda tafakkuri keng ayolning fusunkor qalbidagi chuqur evrilishlar go‘zal poetik va murakkab psixologik tadqiq shaklida bayon etiladi. Dunyoning ko‘plab yurtlarida bo‘lib, turli elu elatlar boy madaniyatlari, tarixi va zamonaviy hayot tarzi bilan yaqindan tanishgan shoiraning kechinmalari “Anqara”, “Istanbul”, “Afg‘on osmonida”, “Makkada”, “O‘skemenlik do‘stlarimga” kabi ijodida teran akslanadi.

Uning she’riyatda insoniy tuyg‘ularning o‘ziga xos nozik xilqatlari, beg‘ubor bolalik hayajonlari bo‘rtib turadi.

– She’riyat yoqimli bir jur’atdir. Zebo Omonovaning bu kitobi nazarimda, she’r to‘plamigina emas, balki umr kitobi, sal ilmiyroq tilda aytadigan bo‘lsak, umr tezislari – umr hikmatlaridan tartib berilgan so‘lmas guldastadir, – deydi kitobga so‘zboshi yozgan taniqli shoir Vafo Fayzulloh. – She’rni istagancha tahrir qilish mumkin, ammo umr yo‘lida yaralgan go‘zal tajriba va chin haqiqatlarni tahrir qilib bo‘lmaydi. Ular haqiqiy hayotning o‘ziday betakror-da! Hayot hikmatlarini aql o‘yinlari to‘qiyolmaydi, balki qismat bo‘ronlari in’om etadi!

Ta’kidlash o‘rinliki, Zebo Omonova tomonidan millatimizning hassos va otashin shoiri, hayotni erta tark etgan turmush o‘rtog‘i Chori Avazning ijodi va shaxsiyatiga nisbatan ko‘rsatilayotgan cheksiz ehtirom va e’tibor, doimiy rag‘bat sababli u qoldirgan salmoqli badiiy meros nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda, xususan, Misr, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda ham yuksak e’zoz va qadr topib, keng targ‘ib etib kelinmoqda.  

Shu ma’noda so‘nggi 30 yillik umrini Chori Avazning ijodini faol tarannum etishga bag‘ishlagan jonkuyar va fidoyi muallif she’riyatning chin oshig‘i, shoirning sadoqatli va vafoli rafiqasi sifatida ham albatta, alohida e’tirof etishga munosibdir.

[gallery-27243]

Zebo Omonova 1962 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 1985 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Uzoq yillar Qarshi shahridagi “Nasaf” nashriyotida muharrir, “Eko olam press” gazetasida mas’ul kotib bo‘lib ishlagan. Hozirgi vaqtda nufuzli nashriyotlardan birida muharrir sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.  

Uning hozirga qadar “Ruhim bog‘lari” she’riy to‘plami, bolajonlar uchun “Topamiz, tez aytamiz” topishmoqlar va tez aytishlar kitobi nashrdan chiqqan. Respublika gazeta va jurnallarida qator she’rlari, adabiy maqola va esselari chop etilgan.  

Taqdimot tadbirida  Zebo Omonovaning ijodi, faoliyati, uning yangi kitobi xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

N.Usmonova,

Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA