Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokistonlik ekspertlar ishtirokida konstitutsiyaviy islohotlar muhokama qilindi
19:31 / 2022-08-11

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan pokistonlik hamkorlar bilan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan yangi konstitutsiyaviy islohotlar tahlili” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ekspertlari, Islomobod Oliy sudi vakillari, huquq, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda  ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar muhokama qilinib, islohotlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

Shuningdek, tadbirda mahalliy ma’ruzachilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Tadbirni moderator sifatida boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z nutqida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan eng asosiy normalarga to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, E.Tulyakov O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili va “Inson qadri uchun” g‘oyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi mamlakatning asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, konstitutsiyaviy kafolatlar va qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun islohotlarning shartlari to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Shu bilan birga, davra suhbatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlari, xususiy mulk, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi hamda ushbu o‘zgartirishlar xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Jahongir Shirinov konstitutsiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari hamda ushbu jarayonda keng jamoatchilikning ishtiroki yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipov Konstitutsiyaviy islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ahamiyati qanchalik muhim ekanligini e’tirof etdi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni bo‘yicha pokistonlik mutaxassislar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xususan, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akram o‘z nutqida O‘zbekistondagi islohotlarning so‘nggi yillardagi dinamikasini alohida e’tirof etdi.

– O‘tgan besh yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlatga aylantirish, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish borasida muayyan natijalarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevroosiyo mintaqasida jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Bu esa tashqi siyosatda o‘zaro mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo misolida, shuningdek, ichki siyosatda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash jarayonlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, – dedi Xolid Taymur Akram.

Ekspertning fikricha, mazkur boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish uchun, albatta, mamlakatda Konstitutsiyaviy islohotlarning o‘tkazilishi tabiiy zaruratdir. Shuningdek, ekspert tomonidan Konstitutsiyaviy o‘zgartirishlarda, eng avvalo, milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini kafolatlash, xususan, mamlakat aholisining asosiy qismi bo‘lgan yoshlarga ham alohida urg‘u berilganligi e’tirof etildi.

Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori o‘rinbosari Maryam Razaning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.

– Konstitutsiyaviy islohotlarda davlat boshqaruvi sohasida ilgari surilayotgan o‘zgartirishlarga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Mazkur jarayonlarda, ayniqsa, jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayman, – dedi Islomobod Oliy sudining advokati va xalqaro huquq bo‘yicha eksperti Muhammad Usama Rauf. – Ayniqsa, Parlament nazoratini amalga oshirishga oid Oliy Majlis palatalari vakolatlarining konstitutsiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha kiritilayotgan takliflar alohida ahamiyatga ega. Tabiiyki, Parlament faoliyatining takomillashuvi davlatning boshqa institutlari samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Islomobod Oliy sudining sobiq bosh advokati Mian Abdul Rauf O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar zamonaviy voqeliklardan kelib chiqqan holda zarur ekanligi, bu ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotni harakatlantiruvchi kuchga aylanishini ta’kidlab o‘tdi.

Davra suhbati yakunida ikki mamlakat tadqiqot markazlari tomonidan kelgusida ham O‘zbekiston va Pokistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini birgalikda tahlil etish va istiqbolda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.

O‘zA