Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokistonga Termiz orqali insonparvarlik yordami jo‘natildi
12:25 / 2022-09-29

Termiz xalqaro aeroportidan O‘zbekiston Respublikasi hukumati va BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Pokistondagi halokatli suv toshqinlaridan jabrlanganlar uchun insonparvarlik yuklari ortilgan havo transportini Karachi shahriga jo‘natdi.

BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi xodimlarining ta’kidlashicha, Pokistonda sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinlaridan minglab aholi jabrlanib, uy-joyidan ajralgan. Suv toshqinlari tufayli 7,6 millionga yaqin kishi o‘zi istiqomat qiladigan hududdan ko‘chirilgan. Ularning qariyb 600 ming nafari ijtimoiy ko‘mak beriladigan boshpanalarda yashamoqda. Mamlakat rasmiylari eng ko‘p talofot ko‘rgan tumanlarda toshqin suvlarining chekinishi olti oygacha davom etishi mumkinligidan ogohlantirgan.

O‘zbekiston davlati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi vaziyat murakkabligicha qolayotgan Pokiston hududlaridagi suv toshqinlaridan jiddiy aziyat chekkanlarga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi taqdim etgan samolyot orqali suv toshqini sababli uy-joyidan mosuvo bo‘lgan kishilarni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash maqsadida qariyb 15 tonna ya’ni, 84 ta qochoqlar uchun mo‘ljallangan ixcham turar-joy to‘plamlarini jo‘natdi.

Insonparvarlik yuklari dastlab O‘zbekiston Respublikasi ko‘magida “Termez Cargo Centre” xalqaro transport-logistika xabi hududida tashkil etilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Mintaqaviy gumanitar-logistik markaziga keltirildi. Bu yerdan ikkita og‘ir yuk avtomashinasiga ortilib, Termiz xalqaro aeroportidagi havo layneriga yetkazildi.

– Biz O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlovi orqali BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi favqulodda vaziyatlarda tezkor gumanitar yordam ko‘rsatish imkoniga ega bo‘layotganini yuksak baholaymiz, – dedi BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining O‘zbekistondagi vakili M.Tursunov. – Mazkur mintaqaviy xab orqali yuzga yaqin yuk mashinasiga ortilgan qariyb mingta qochoqlar uchun mo‘ljallangan ixcham turar-joy Pokistonga jo‘natilgan edi. Suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etishga ko‘maklashish uchun havo yo‘llari orqali amalga oshirilgan bu yordam ham O‘zbekiston hukumatining yaqindan qo‘llab-quvvatlashi samarasidir. Barcha sharoitlarga ega zamonaviy gumanitar-logistik markaz favqulodda vaziyatlar uchun birlamchi zarur buyumlar zaxirasini saqlashdan tashqari BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Afg‘oniston, Pokiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlarga moddiy insonparvarlik yordami yuklarini yetkazib berishning eng qulay tashish nuqtasiga aylandi.

BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Pokistondagi suv toshqinlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi mahalliy hokimiyatlarga 1,2 million donadan ortiq zarur buyumlardan iborat insonparvarlik yordamini yetkazib berish rejasi doirasida moddiy-texnik ko‘mak ko‘rsatishni muvofiqlashtirishda davom etmoqda. Hozirga qadar aholiga tarqatish uchun 1 million donadan ortiq birlamchi zaruriy buyumlarni mamlakat rasmiylariga topshirdi.

O‘zbekistonda tashkil etilgan ushbu reysdan tashqari BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi insonparvarlik yordami yuklarini havo yo‘llari orqali yetkazib berish maqsadida Dubaydan 22 ta ana shunday parvozni amalga oshirgan. O‘zbekistondan yuborilgan insonparvarlik yordami yuklarini BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Pokistondagi idorasi qabul qilib olib, suv toshqinidan jabrlanganlarga tarqatadi.

 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA