Pokistondagi hujumni amalga oshirgan tashkilot ma’lum bo‘ldi
Kecha Pokiston shimoli-sharqidagi Xayber-Paxtunxva viloyatining Bajaur tumanida xudkush-terrorchi tomonidan sodir etilgan portlashda “Islomiy davlat” terror tashkiloti jangarilarining ishtiroki bor. Bu haqda “Dawn” gazetasi xavfsizlik kuchlariga tayanib xabar berdi.
“Islomiy davlat”ning ushbu jinoyatga aloqadorligiga shubha yo‘q”, deb bayonot berdi nashrga Razvedka xizmati vakili.
30 iyul kuni hukmron koalitsiya tarkibiga kiruvchi “Islom ulamolari assambleyasi” partiyasi qurultoyida xudkush-terrorchi portlash amalga oshirdi. Anjuman o‘tkazilayotgan zaldagi 400 kishidan kamida 45 nafari halok bo‘ldi, 150 ga yaqin odam jarohatlandi.
Hodisa oqibatida partiya bosh kotibi Xor Ziyoullo ham halok bo‘lgan.
Bajaurda favqulodda holat e’lon qilindi. Viloyat markazi Pashovardagi kasalxonalar yuqori shay holatga keltirilgan. Yaradorlarning aksariyati og‘ir ahvolda.
Bosh vazir Shahboz Sharif ko‘rsatmasi bilan tergov-qidiruv ishlari boshlab yuborilgan.
Teraktni Afg‘oniston, Eron va AQSH qoralab bayonot berishdi.