English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokistonda yana toshqin: 150 odam bedarak
14:19 / 2025-08-19

Pokiston shimoli-g‘arbida kuchli yomg‘ir ortidan suv toshqini va ko‘chki yuz berdi. Natijada 277 kishi halok bo‘lgan. Rasmiylarga tayanib, “Arab news” ma’lum qilishicha, qutqaruvchilar yo‘qolganlarni qidirishda davom etyapti. Iqlim o‘zgarishi mamlakat shimolidagi tog‘li hududlar aholisini to‘satdan avj olayotgan kuchli yog‘ingarchilikka qarshi yanada himoyasiz holga keltirmoqda.

Xayber-Paxtunxva muzofoti Buner tumanida juma kuni sodir bo‘lgan toshqin tufayli 150 dan ko‘p odam yo‘qolgan.

Favqulodda xizmat vakili Muhammad Suxayl ma’lum qilishicha, vayronalarni tozalash uchun muhandislar va og‘ir texnika jalb qilingan. Viloyat bosh vaziri Ali Amin Gandapur so‘zlariga ko‘ra, hukumat oilalarni xavfsizroq joyga ko‘chishga undamoqda. Fuqarolarga uy-joyni tiklashda yordam beriladigan bo‘ldi.

Pokistonda 26 iyundan beri odatdagidan ancha kuchli musson yomg‘iri kuzatilyapti. Buning oqibatida hozirgacha mamlakat bo‘ylab kamida 645 kishi, jumladan shimoli-g‘arbda 400 inson hayotdan ko‘z yumdi. Milliy Tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi yakshanba kuni juda ko‘p hududlarda sharros yomg‘ir boshlangach, suv toshqinidan ogohlantirdi.

Harbiy bayonotda Havo kuchlari nodavlat tashkilotlar tomonidan berilgan 48 tonna yordam yukini Karachi portidan mintaqa poytaxti Peshovarga olib chiqib, toshqin oqibatini bartaraf etish amaliyotida faollik ko‘rsatganini aytdi. Havo kuchlari yukni tez yetkazib berishni ta’minlash uchun havo ko‘prigi o‘rnatgan.

Dushanba kuni Bosh vazir Shahboz Sharif raisligida Xayber-Paxtunxva, shuningdek shimoliy Gilgit-Baltiston va Kashmirning Pokiston tomonidan boshqariladigan, suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlariga yordam ko‘rsatish jarayonini ko‘rib chiqish bo‘yicha yuqori darajadagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Hukumat bayonotiga ko‘ra, majlisda rasmiylar suv toshishi oqibatida davlatga qarashli va xususiy mulkka 450 000 dollardan ko‘p zarar yetkazilgani taxmin qilingan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gumanitar agentligi eng ko‘p zarar ko‘rgan manzillar, shikastlangan yo‘llar va aloqa tizimi uzilgan hududlarga maxsus guruhlar safarbar qilinganini bildirdi. Yordam agentliklari ehtiyojmandlarga oziq-ovqat, suv va boshqa vositalar orqali yordam ko‘rsatyapti.

M.Pirmatova, O‘zA