Pokistonning sobiq bosh vaziri va muxolifatdagi “Adolat uchun harakat” partiyasi yetakchisi Imron Xon tarafdorlari seshanba kuni mamlakatning yirik shaharlarida norozilik namoyishlarini uyushtirmoqda. Bunga politsiyaning sobiq bosh vazirni qamoqqa olishga uringani sabab bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda Geo.tv telekanali.
Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Imron Xonning Lahordagi qarorgohi atrofida partiya faollari bilan politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etayotganida sobiq bosh vazir tarafdorlariga videomurojaat qilib, ko‘chaga chiqishga va qonun ustivorligi uchun kurashni davom ettirishga chaqirgan. “Agar meni qamoqqa olishsa yoki o‘ldirsa, ozodlik uchun kurash davom etishi kerak”, – degan siyosatchi. Shundan keyin “Adolat uchun harakat” partiyasi Pokistonning yirik shaharlarida, jumladan, Islomobod, Feysalobod, Karachi, Peshavor, Kvetta va Mianvalida norozilik namoyishlarini uyushtirgani aytilmoqda.
2022 yil oktyabrda Pokiston saylov komissiyasi Xonni saylovda ishtirok etishdan chetlashtirdi va besh yil muddatda davlat lavozimlarini egallash huquqidan ham mahrum etdi. Bunga Imron Xon bosh vazirlik vaqtidagi orttirgan daromadlari bo‘yicha deklaratsiyani noto‘g‘ri to‘ldirgani sabab qilib ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda.