Pokistonning sobiq bosh vaziri va muxolifatdagi “Adolat uchun harakat” partiyasi yetakchisi Imron Xon tarafdorlari bilan Lahorda politsiya xodimlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvda kamida 62 kishi yaralandi. Bu haqda “Geo.tv” kanali xabar berdi.
Aytilishicha, partiya faollari va politsiya o‘rtasida Pokiston hukumati sobiq rahbari qarorgohi yaqinida sodir bo‘lgan janjal oqibatida kamida 54 huquqni himoya qilish xodimi va sakkiz nafar tinch aholi vakili jarohatlangan.
Avvalroq “DawnNewsTV” chorshanba kuni ertalab politsiya va xavfsizlik xodimlari Imron Xonni hibsga olishga yangi urinishlar bo‘lgani to‘g‘risida xabar berdi.
Seshanba kuni Lahordagi politsiya va Xon tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuv 15 soat davom etgan. U kuni 30 politsiya xodimi yaralangan va muxolifat partiyasining 15 nafari qamoqqa olingan edi.

Pokiston Ichki ishlar vazirligi siyosiy partiyaning qarshiliklariga qaramay, Imron Xonni bosh vazir bo‘lgan vaqtida chet el yetakchilaridan olgan sovg‘alarni noqonuniy sotishda ayblangan sud qarori ortidan hibsga olinishini aytdi.
Pokiston saylov komissiyasi Xonni bosh vazirlik davrida noto‘g‘ri moliyaviy hisobotlar taqdim etgani uchun uni saylovda qatnashishga ruxsat bermagan. Hujjatda Xon xorij sovg‘alarini sotishdan tushgan kamida 137,7 ming dollarni o‘zlashtirgani qayd etilgan.
Bosh vazir Imron Xon 2022 yilning aprelida unga bildirilgan ishonchsizlik votumi natijasida lavozimidan chetlashtirilgan edi.
O‘zA