O‘zbekiston elchixonasi Islomobod Strategik tadqiqotlar instituti (ISSI) bilan hamkorlikda pokistonlik taniqli ekspert, “Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar” tahlil markazi ijrochi direktori Mahmud ul-Hasan Xonning “Shavkat Mirziyoyev – islohotlar va mintaqaviy integratsiyaning buyuk yetakchisi” (Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration”) nomli kitobi taqdimot marosimini o‘tkazdi.
Ushbu davlatning milliy meros va madaniyat federal vaziri Avrangzeb Xon Kichiy asosiy mehmon sifatida qatnashgan tadbirda vazirlik, idoralar rahbarlari, parlament palatalari a’zolari, Islomoboddagi diplomatik korpus vakillari, biznes va ilmiy-akademik doiralar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek Islomobod va shaharga tutash hududlarda yashovchi vatandoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Taqdimotni ISSI bosh direktori Suhayd Mahmud qutlov nutqi bilan ochib berdi. U ushbu akademik tadbir institut binosida tashkil etilganidan mamnunligi, bu borgan sari jadal tus olayotgan sheriklik ruhiga mos kelishini qayd etdi.
ISSI rahbari kitobning ahamiyatiga to‘xtalarkan, bir-birini mazmunan to‘ldiruvchi, izchil mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgan 39 ta turli mavzulardagi tahliliy materiallar orqali O‘zbekistonda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda olib borilayotgan islohotlar va modernizatsiya jarayoni, ochiq, pragmatik tashqi siyosat mohiyati ochib berilganini ta’kidladi.
– 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va boshqa konseptual hujjatlarda xalqning ertangi kunga nisbatan ishonchi, xohish-irodasi, Hukumatning mamlakatni rivojlantirishga oid muhim tashabbuslari, ijtimoiy davlat barpo etish tamoyili qamrab olingan, – dedi S.Mahmud. – Mazkur kitobda ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati batafsil yoritib berilgan.
Elchi Alisher To‘xtayev nisbatan qisqa vaqt ichida Islomobodda O‘zbekiston haqida ikki muhim kitob – 16 oktyabrda Muhammad Abbos Xonning “Uzbekistan: The Third Renaissance – The Concept of the Future” va endi Mahmud ul-Hasan Xonning “Shavkat Mirziyoyev: Great Leader of Reforms and Regional Integration” nomli asarlari keng jamoatchilikka taqdim etilgani Pokiston ilmiy-akademik doira vakillari orasida mamlakatimizga qiziqish ortayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi.
“Mahmud ul-Hasan Xon asarida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda ortga qaytmas jarayon – makroiqtisodiy islohotlar, moliyaviy liberallashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, tashqi siyosat, madaniy diplomatiya va mintaqaviy integratsiya kabi masalalar atroflicha yoritilgan, – deydi elchimiz. – O‘zbekiston rahbari ta’biri bilan aytganda, “islohotlar statistika uchun emas, inson qadri, sha’ni va kelajagi uchun” tamoyiliga tayangani, “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini hayotga tadbiq etish amaliy strategiyaga aylangani, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, xorijiy investitsiya jalb qilish va yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasida zalvorli yutuqlarga erishilayotgani chuqur tahlil etilgan.
Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif shafeligida ikki mamlakat strategik sherikligi sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini e’tirof etdi. Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi strategik loyihalar, jumladan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish ustida izchil hamkorlik qilayotgani, o‘zaro savdoni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha choralar ishlab chiqilayotganiga urg‘u berildi.
Vazir Avrangzeb Xon Kichiy yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini, jamiyat hayotini yangilash, aholi farovonligini oshirish, ijtimoiy yo‘naltirilgan siyosatni yanada mustahkamlashni “Taraqqiyotning O‘zbekiston modeli”, – deya atadi.
– Toshkentga tashrifim chog‘ida islohotlar samarasiga bevosita guvoh bo‘ldim, – dedi mulozim. – Biz global dunyoda yashayapmiz. Albatta, qo‘shni mintaqa, xususan O‘zbekistondagi ijobiy voqelik bizda ham aksini topadi. O‘zaro savdoni bosqichma-bosqich oshirish, tizimli qo‘shma loyihalar vositasida esa bir-birimizga yanada yaqinlashamiz. Pokiston hukumati mazkur jarayonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini yuksak qadrlaydi.
Muallif Mahmud ul-Hasan Xon o‘z navbatida kitobni yozishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda davlat rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini ochib berish, ushbu sa’y-harakatlarning mintaqaviy hamkorlik va integratsiya jarayoniga ta’sirini ilmiy tahlil qilish, Pokiston jamoatchiligining ayni jarayondan xabardorligini oshirish ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekiston yetakchisining Transafg‘on temir yo‘li va energetika loyihalari borasidagi tashabbuslari Markaziy va Janubiy Osiyoni qayta bog‘lovchi strategik integratsion platformani vujudga keltirdi, – dedi u. – Bu loyihalar mintaqalararo transport-logistika tizimi va iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqan boshqa ekspertlar ham Prezident Shavkat Mirziyoyevni mamlakat ichida islohotlar jarayonini boshqarayotgan, mintaqada esa integratsiya g‘oyasini ilgari surib, amaliyotga tatbiq etayotgan zamonaviy rahbar sifatida baholadi. Mazkur kitob O‘zbekistonning ilg‘or tajribasini yoyish bilan birga ikki xalq do‘stligi va o‘zaro bog‘liqligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Said Amir Xolid Jaffriy, “Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar” tahlil markazi rahbari:
– So‘nggi payt Pokistonda O‘zbekiston bilan bog‘liq tadbirlar ko‘paygani ikki tomonlama munosabatda yangi bosqich boshlanib, o‘zaro qiziqish ortganidan darak beradi.
2016 yil yarim yopiq, mintaqaviy integratsiya jarayonida kam ishtirok etuvchi davlat boshqaruviga kelgan Shavkat Mirziyoyev o‘z tashqi siyosatining dastlabki bosqichida Markaziy Osiyodagi davlatlararo munosabatlarda ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, keyin esa Janubiy Osiyo bilan o‘zaro bog‘liqlikni qayta tiklash borasida qat’iy iroda ko‘rsatdi. Mamlakat ichida ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlarga asosiy e’tibor qaratilib, raqobatbardosh, zamon talabi darajasida takomillashtirilayotgan milliy taraqqiyot tizimi shakllantirildi. Prezidentning yangicha siyosati natijasida mamlakat yoshlari jahon miqyosida ilmiy-akademik, fan, madaniyat, sport, san’at, zamonaviy texnologiya kabi muhim sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. So‘z va OAV erkinligi borasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Erishilayotgan ulkan natijalar ortida Prezidentning davlat boshqaruvidagi ko‘p yillik tajribasi, jumladan 2 viloyatga hokimlik, 13 yil hukumatga boshchilik qilish mobaynida olib borilgan chuqur kuzatishlari, mamlakat muammolarini ich-ichidan yaxshi anglash va his qilish qobiliyati yotadi.
Adam Soud, Bahriya universiteti dekani:
– Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston haqida fikr bildirish kishiga doim jiddiy mas’uliyat yuklaydi. Har gal O‘zbekistonga borganimda ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman. Bu quvonarli, albatta. 2017 yil ushbu mamlakat tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar asosida yaqin istiqbolda erishiladigan natijalar to‘g‘risida prognoz-maqola yozganman. Bugungi kunga kelib, o‘sha maqolada keltirilgan taxminlarning 85 foizi haqiqatga aylandi. Qolganlari bo‘yicha ham faol ish davom etmoqda.
G‘.Xonnazarov tayyorladi. O‘zA