9—11-aprel kunlari Turizm qo‘mitasi tomonidan Pokiston Islom Respublikasi hukumati, turistik kompaniyalari, mehmonxona boshqaruvi va sayyohlik sohasida faoliyat yurituvchi ishbilarmon doiralari hamda OAV vakillari ishtirokida ushbu mamlakatning Lahor, Karachi va Islomobod shaharlarida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan "Road Show" tadbirlari tashkil etildi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, "Road Show" doirasida dastlabki tadbir 14 milliondan ziyod aholi istiqomat qiluvchi Lahor shahrida o‘tkazildi. Unda Panjob viloyati turizmni rivojlantirish korporatsiyasi, Lahor Savdo-sanoat palatasi rahbariyati hamda Janubiy Osiyo xalqaro tadqiqotlar markazi rasmiylari, mahalliy turizm biznesi vakillari, shuningdek, O‘zbekistondan turizm sohasi rasmiylari va turoperatorlaridan iborat jami 500 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Tadbir doirasida "O‘zbekiston – Ipak yo‘li durdonasi" taqdimoti namoyishi hamda ikki davlatning turistik operatorlari o‘rtasida B2B, G2B va G2G shaklida uchrashuvlar tashkil etildi. Shu bilan birga, "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Taqdimotlarda O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, keyingi yillarda jadal rivojlanib borayotgan qishki va tog‘ turizmi, shuningdek mamlakatning o‘ziga xos gastronomik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Qo‘mita matbuot xizmati Pokiston vakillarining munosabatlari bilan o‘rtoqlashdi.
— Ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm salohiyati juda katta, — degan Lahor Savdo-sanoat palatasi prezidenti Mian Abuzar Shad. — Biz nafaqat tarixiy, balki biznes va tibbiy turizmni ham kengaytirish niyatidamiz. Hukumat va biznes doiralar bu imkoniyatlarni amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.

— O‘zbekistonning Pokistonda marketingi va targ‘iboti, pokistonliklar uchun muhim bo‘lgan ziyoratgohlar — Imom Al-Buxoriy maqbarasining alohida rolini faol targ‘ib qilish maqsadga muvofiq, — deya ta’kidlagan Panjob viloyati turizmni rivojlantirish korporatsiyasi rahbari Nasir Mahmud Bashir. — Bizni tarixan bog‘lab turadigan rishtalarni inobatga olgan holda ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish mamlakatlarimiz uchun yangi ufqlarni ochib beradi.
Qayd etilishicha, tadbir natijasida ikki mamlakat turizm biznesi vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilib, o‘nlab o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, "Road Show" ikkinchi qismida o‘zbek san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi, milliy hunarmandchilik buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA