Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokistonda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada rekord natija bilan g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston razvedkachilari tantanali kutib olindi
20:36 / 2022-03-13

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy razvedka terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasida joriy yilning 1-13 mart kunlari o‘tkazilgan V Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

13 mart kuni muzaffar harbiy xizmatchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Unda Mudofaa vazirligi rahbariyati, keng jamoatchilik vakillari, kursantlar, harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari o‘zlarini Sohibqiron Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk ajdodlarimizning munosib davomchilari ekanligini yaqqol namoyon etgani, ular bilan butun O‘zbekiston ahli faxrlanishi yana bir bor ta’kidlandi. O‘zbekona urf-odatlarimizga ko‘ra, muzaffar harbiylarimiz yelkasiga to‘nlar tashlandi. Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar kuyladi.

–Internetda o‘g‘lim Davronning g‘olib O‘zbekiston razvedkachilari orasida bayrog‘imizni  baland ko‘tarib turganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Onaga farzandini yutug‘ini ko‘rishdan ortiq baxt bormi, – deydi leytenant Davron Mamatkarimovning onasi Ra’no Egamova. – Ilohim, yurtimizga, tinchligimizga ko‘z tegmasin. Biz onalar doimo farzandlarimiz yutug‘idan quvonib yuraylik.

Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqada O‘zbekiston razvedkachilari rekord natija bilan Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga muyassar bo‘lib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Unda 9 ta davlatdan – Marokash, Iordaniya, Keniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka, Nepal va O‘zbekiston Respublikasi, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasidan 8 ta razvedka guruhlari, jami 16 ta razvedka jamoasi o‘zaro bellashdi.

Musobaqa jarayonini Tojikiston, Qozog‘iston, Bahrayn va Xitoy davlatlarining Qurolli Kuchlari vakillari kuzatib bordi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi terma jamoasi qur’aga ko‘ra, birinchi nazorat nuqtasidan o‘ninchi bo‘lib harakatlanishni boshlagan bo‘lsa-da, jasorat va matonat bilan ushbu musobaqaning uchinchi nazorat nuqtasiga qolgan jamoalardan 6 soat oldin yetib bordi va eng yuqori (2 850) ballni qo‘lga kiritdi. 
Ikkinchi o‘rin, Marokash, uchinchi o‘rin – Shri-Lanka va Saudiya Arabistoni jamoalariga nasib etdi.

Z.JONIBEKOV, O‘zA