Pokiston va Afg‘oniston delegatsiyalari mudofaa vazirlari boshchiligida ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuv tufayli muzokara o‘tkazish uchun Qatar poytaxti Dohaga yetib keldi. Bu haqda "Anadolu" ma’lum qildi. Ushbu muloqot o‘zaro erishilgan sulh bitimi ortidan boshlanishi kutilyapti.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoq orqali mamlakat nomidan Xavoja Muhammad Asif muzokara olib borishini bildirdi.
– Muhokamada asosiy e’tibor Pokiston-Afg‘oniston chegarasida tinchlik va barqarorlik o‘rnatish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga qaratiladi, — deyilgan bayonotda.
Ikki tomon o‘rtasida 15 oktyabr kuni e’lon qilingan 48 soatlik otashkesim Qatar poytaxtida rejalashtirilgan muloqot yakunlangunga qadar uzaytirilgani avval xabar qilingandi.
9 oktyabr kuni Islomobod Pokistonning “Tehrik-i-Tolibon” (TTP) guruhiga qarshi kurash doirasida Kobulga havodan bir necha zarba berdi. 11 oktyabrda Paktiya viloyatida ikki davlat chegara qo‘shinlari o‘rtasida shiddatli otishma yuz berdi.
Afg‘oniston rasmiylari Qatar va Saudiya Arabistoni vositachiligi tufayli jang to‘xtaganini ma’lum qildi. Afsuski, 14 oktyabr kuni chegaradagi taranglik yana kuchaydi. 15 oktyabrda Pokiston afg‘on tomonining o‘t ochishni to‘xtatish talabiga javoban, 48 soatlik muvaqqat o‘t ochishni to‘xtatish holatini e’lon qildi.
Pokiston 2021 yil Tolibon Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatgandan beri mamlakat yangi rahbariyatini TTPga qarshi chora ko‘rishga chaqirib keladi. Islomobod tomonidan terror tashkiloti sifatida tan olingan TTP, Pokiston hukumati fikricha, "Afg‘onistonda mavqeini mustahkamlab olgan va tez-tez qo‘shni dvlat hududiga hujum uyushtirib turadi, Kobul hukumati esa bu borada yetarli chora ko‘rmayapti. Afg‘oniston tomoni esa o‘z mamlakatida TTP mavjud emasligini ta’kidlaydi.
TTP harakati Durand chizig‘i bo‘ylab joylashgan pushtun qabilaviy hududlari xizmatidan faol foydalanadi.
M.Pirmatova, O‘zA