Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokiston: tarix, iqtisod va mintaqaviy bog‘liqlik chorrahasida
17:05 / 2026-02-05

Pokiston Janubiy Osiyodagi ulkan iqtisodiy salohiyatga ega davlatlardan biri. U g‘arbda Afg‘oniston va Eron, shimolda Xitoy, sharqda Hindiston bilan chegaradosh, janubda esa Arab dengiziga tutashgan. Mamlakat Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo chorrahasida, muhim dengiz yo‘llari yaqinida joylashgan.

Ta’kidlanishicha, “Pokiston” atamasi 1933 yilda Kembrij universiteti talabasi Rahmat Ali tomonidan muomalaga kiritilgan bo‘lib, urdu va fors tillarida bu so‘z “Musaffo zamin” degan ma’noni anglatadi. Statistikaga ko‘ra, mazkur o‘lka dunyo bo‘ylab aholisi eng ko‘p davlatlar ro‘yxatida beshinchi o‘rinni egallaydi.

Ushbu mamlakat dunyodagi eng katta temir yo‘llardan biri bo‘lgan Qaroqurum yo‘liga ega bo‘lib, u Pokistonni Xitoy bilan Qaroqurum tog‘lar orqali bog‘laydi. Dunyodagi eng qadimiy shahar madaniyatlaridan biri bo‘lgan Hind vodiysi sivilizatsiyasi hozirgi Pokiston hududida joylashgan, “Mohenjodaro” kabi arxeologik joylarda rivojlangan shaharsozlikni tasdiqlaydigan ma’lumotlar topilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu davlat dunyodagi eng yirik irrigatsiya tizimlaridan biriga ega bo‘lib, bu tizim asosan Hind daryosi tizimiga asoslangan dambalar va kanallar orqali qurilgan. Qolaversa, Pokiston dunyodagi ikkinchi yirik tuz koniga ega bo‘lib, “Xevra” tuz koni har yili taxminan 387 ming tonnadan ortiq tuz ishlab chiqaradi va bu hudud mashhur turistik joy ham hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, urdu va panjob she’riyati mamlakatning intellektual tarixida muhim o‘rin tutadi. Alloma Iqbol va Fayz Ahmad Fayz kabi mashhur shoirlar o‘lka adabiy merosiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

E’tiborli jihati, Boburiylar sulolasi davomchisi hisoblanmish Shoh Jahon Hindistonda “Toj mahal”ni qurdirishdan tashqari, Pokistondagi Lahor qal’asi va Sholimar bog‘larini ham barpo ettirgan. 

Qiziqarli faktlardan yana biri – Pokiston dunyodagi eng yirik tekstil va kiyim ishlab chiqaruvchi mamlakatlardan biri hisoblanib, to‘qimachilik sanoati mamlakat eksportining asosiy qismini tashkil qiladi. Respublikaning eng yirik shahri Karachi dunyodagi aholi soni bo‘yicha 12-o‘rinda turadi va u “Yorug‘lik shahri” deb nom olgan. 

Ma’lumki, Markaziy Osiyo geografik joylashuviga ko‘ra okean va dengiz savdo yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmagan mintaqa hisoblanadi. Ekspertlar fikricha, rasmiy Islomobod Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi transport-kommunikatsiya koridorlariga bo‘lgan ehtiyojini yaxshi anglaydi va ushbu omildan o‘z iqtisodiy manfatlarini ko‘zlagan holda foydalanishga harakat qilmoqda.

Xususan, Pokiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan muloqotlarda o‘zining Gvadar va Karachi portlari imkoniyatlari yuqoriligi hamda mazkur mintaqa mamlakatlari ulardan foydalanishlari mumkinligi haqida ko‘p bora ta’kidlab keladi. Biroq Markaziy Osiyo mamlakatlarini ushbu portlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib chiquvchi quruqlik yo‘llari mavjud emasligi hozircha bunday imkoniyatni bermayapti. Ushbu vaziyatni bartaraf etish maqsadida Pokiston hukumati Janubiy va Markaziy Osiyo hamda Xitoy bilan bog‘lanishga xizmat qiluvchi bir qator loyihalarni ishga tushiryapti. 

Hozirda siyosiy doiralarda Pokistonning Peshovar shahri va Afg‘onistonning Qobul shaharlarini bog‘lab turuvchi avtoyo‘l loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda. Ushbu yo‘l Pokistonga Qobul orqali Markaziy Osiyoga bog‘lanish imkonini berishi mumkin.

Pokiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, ya’ni 1991 yil 20 dekabrda tan oldi. 1992 yil 10 mayda diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi ikki tomonlama hamkorlikda yangi ufqlarni ochdi. 

Hozirgi kunda mamlakatimiz Pokistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ip-kalava, kimyoviy tovarlar va transport xizmatlarini eksport qilayotgan bo‘lsa, Pokiston esa bizga farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va yengil sanoat mahsulotlarini yetkazib bermoqda. 

Bilamizki, transport-logistika hamkorligini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Shuning uchun O‘zbekiston Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Aytish o‘rinliki, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston uch tomonlama formatida amalga oshirilayotgan Transafg‘on temir yo‘li hamkorlikning muhim loyihasidir. 

Umuman olganda, mintaqaviy xavfsizlik va logistika arxitekturasi transformatsiyasi sharoitida O‘zbekiston–Pokiston hamkorligi tizimli ahamiyat kasb etib, ikki mamlakatni Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida namoyon etmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA