O‘zbekistonning Pokiston Islom Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher To‘xtayev ushbu davlat Prezidenti matbuot kotibi Murtazo Solangiy bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida janob Solangiy mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning bugungi darajasini yuqori baholab, so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, jadal o‘sish sur’atini olganiga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik faollashib borishida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch, yaqin do‘stlikka asoslangan sa’y-harakatlar muhim o‘rin egallashiga urg‘u berdi.
Pokiston vakili boy tarixiy va ma’naviy merosga ega O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasiga, islom madaniyati va ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur hurmat bilan e’tirof etdi. Shuningdek, Samarqand va Buxoro nafaqat islom olami durdonalari, balki butun mintaqa madaniy-ma’naviy makonini shakllantirgan muhim markazlar ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurganman, 2022 yil SHHT Davlat rahbarlari kengashi sammitida ishtirok etganim ham yodimda, – dedi Pokiston yetakchisi matbuot kotibi. – Samarqanddagi o‘zgarishlar menda chuqur taassurot qoldirdi. Bu zamin bugungi kunda tarixiy merosga hurmat va zamonaviy urbanizatsiya jarayonini uyg‘unlashtirgan holda, mamlakat taraqqiyoti namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Uchrashuvda siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va parlamentlararo aloqalar, shuningdek transport-logistika, madaniyat, turizm, ilm-fan sohalaridagi munosabatlar ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirish g‘oyasini ilgari surishdagi alohida tashabbuskorligi ta’kidlandi. Bu tashabbuslar Pokiston rahbariyati va ekspert-tahlil doiralari tomonidan yuqori baholanishi qayd etildi. Pokistonlik jurnalist Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepsiyasi” kitobi bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa mavzular yuzasidan ham fikr almashdi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA