Eron bilan bog‘liq har qanday harbiy keskinlashuv nafaqat Fors ko‘rfazi, balki Janubiy va G‘arbiy Osiyo barqarorligini ham izdan chiqarishi mumkin. Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriy Tehron bilan bog‘liq mojarolarni kuch bilan emas, balki diplomatik muloqot orqali hal qilishga chaqirdi.
“APP” axborot agentligi xabar berishicha, Islomoboddagi yig‘inlarning birida Zardoriy harbiy ssenariylarning “global tinchlik va jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishi” mumkinligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir tomonlama sanksiyalar va bosim siyosati mintaqaviy xavfsizlikka xizmat qilmaydi.
Yetakchi mintaqadagi terrorizm, tashqi aralashuv va davom etayotgan nizolarni tilga olib, bunday murakkab masalalarni kuch ishlatish orqali hal etib bo‘lmasligini qayd etdi.
– Vaziyatni izdan chiqarish emas, muzokara va muvozanatli yondashuv zarur, -dedi u. Shuningdek, Zardoriy Eron bilan chegara boshqaruvi, terrorizmga qarshi kurash va qonuniy savdo aloqalarini kengaytirish borasidagi hamkorlik davom etishini bildirdi.
Pokiston prezidenti Eronni nafaqat qo‘shni, balki sivilizatsion hamkor deb atadi. Fors tili va adabiyotining Pokiston madaniy hayotiga chuqur ta’sirini eslatib, ikki xalqni umumiy tarix va ma’naviy ildizlar bog‘lab turishini ta’kidladi.
Tadbirda so‘z olgan Eron Islom Respublikasi elchisi Rizo Amiri Mokaddam ham Tehron urush tarafdori emasligini, biroq suverenitetga tahdid bo‘lsa, qat’iy javob qaytarilishini aytdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA