Pokiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Sulton Muhammad boshchiligidagi delegatsiya vakillari O‘zbekiston MSKga tashrif buyurdi.
Uchrashuv chog‘ida MSK raisi Z.Nizomxo‘jayev tomonidan Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar, jumladan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizim asosida kechayotgani, milliy saylov amaliyotiga joriy qilingan “E-Saylov” axborot tizimining afzalligi va imkoniyatlari, saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirish Konsepsiyasi asosida barcha darajadagi saylov ishtirokchilari bilimi va ko‘nikmasi oshirilgani ta’kidlandi.
Suhbat davomida, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi azaliy aloqalar so‘nggi yillarda yanada rivojlangani va bu kelgusida ham izchil davom ettirilishi zarurligi qayd etildi.
Mehmonlar mazkur o‘ta muhim siyosiy jarayonda xalq manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgani va eng muhimi buni fuqarolarimiz yaxshi anglab yetayotgani, saylovda faol bo‘lishga intilayotganini ko‘rishdan mamnunliklrini bildirdi.
Musulmon Ziyo,
Muhammad Amin (surat), O‘zA