Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokiston Milliy mudofaa universiteti delegatsiyasi Harakatlar strategiyasi va erishilgan natijalar bilan tanishdi
12:40 / 2023-05-12

Shu kunlarda yurtimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Pokiston Islom Respublikasi Milliy mudofaa universiteti delegatsiyasi a’zolari uchun O‘zbekistonda so‘nggi olti yilda amalga oshirilgan islohotlar natijalari bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan taqdimot o‘tkazildi.

Unda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Hakimov mehmonlarni Harakatlar strategiyasi va uning doirasida erishilgan natijalar, markaz tomonidan olib borilgan jamoatchilik nazoratining o‘rni va ahamiyati bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘xtalib, unda mamlakatni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan yettita yo‘nalish va 100 ta maqsad jamlangani, bugungi globallashuv jarayonidan kelib chiqqan holda Harakatlar strategiyasidan farqli o‘laroq, alohida ikki yo‘nalish qo‘shilganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, mazkur maqsadlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o‘rnini yuksaltirish, xalq farovonligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta’minlaydigan erkin jamiyat, adolatli davlat qurishga. mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirib, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasining yettinchi — Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish yo‘nalishi doirasida kelgusi besh yilda Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani, MDH, Yevropa Ittifoqi va Amerika mamlakatlari, shuningdek, Yaqin, O‘rta Sharq hamda Afrika mintaqalari davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

Albatta, O‘zbekistonning Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligining kengayishida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik aloqalarining o‘rni muhim ahamiyatga ega.

Taqdimot yakunida Taraqqiyot strategiyasi ijrosi, 2022 yilda erishilgan natijalar yuzasidan bo‘lgan savollarga javob berildi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati xabarida.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA