English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokiston Bosh vaziri O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida qatnashdi
15:52 / 2021-07-15

Poytaxtimizdagi "Hyatt Regency Tashkent" mehmonxonasida O‘zbekiston – Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida forumga tashrif buyurdi va ishtirokchilarga omad tiladi.

Biznes forumda mamlakatimizning tegishli vazirlik, idora  va tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 300 dan ziyod vakillari ishtirok etdi.

[gallery-3115]

Biznes-forum ilk bor va aynan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgani bilan ahamiyatlidir.

Ushbu tashrif va Oliy darajadagi uchrashuv hamda muzokaralar mamlakatlarimiz hamkorligida barcha tarmoqlarni qamrab oladigan yangi sahifa ochishi, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Pokiston sherikligini rivojlantirishga kuchli turtki berishi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar e’tirof etildi. Soliqni tartibga solish sohasini isloh qilish, iqtisodiyot shaffofligini oshirish, yer maydonlarini ajratish tartib-taomillarini, xorijiy investorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishdagi va boshqa sohalardagi yutuqlar sanab o‘tildi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi muntazam oshib bormoqda. Pandemiyaga qaramay o‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2019 yil darajasida saqlab qolindi.

Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini mutlaqo aks ettirmasligi qayd etildi.

Afsuski, o‘zaro savdo aylanmasida ayrim mahsulotlarning ulushi salmoqliligicha qolmoqda. Misol uchun, O‘zbekistondan Pokistonga eksport qilingan ikkita mahsulot – dukkakli mahsulotlar va yigirilgan paxta ipi jami eksportning deyarli 90 foizini tashkil etmoqda.

Shuningdek, Pokistondan importning 80 foizdan ortig‘ini kartoshka, sitrus mevalar va dori vositalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zaro tovar ayriboshlash hajmini oshirish uchun kimyo, elektrotexnika, mashinosozlik, charm, ipak sanoati kabi sohalarda katta imkoniyatlar mavjudligi aytildi.

Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasi ikki tomonlama hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb ikki baravarga oshdi va160 tani tashkil etmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun juda ko‘p yo‘nalishlar mavjud. Qishloq xo‘jaligi sohasi, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika sanoati, to‘qimachilik va charm sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish shular jumlasidan.

Forum doirasida vazirlik va idoralar rahbarlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda turizm, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, kimyo sanoati sohalarida va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari namoyish etildi.

Forum yakunlari bo‘yicha investitsiya loyihalarini va savdo bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha  qator hujjatlar imzolandi.

 

 

Ziyodulla JONIBEKOV, O‘zA