Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pokiston - Afg‘oniston ziddiyati: dunyo jamoatchiligi qanday fikrda?
11:40 / 2026-02-28

Pokiston Afg‘onistonning muvaqqat “Tolibon” hukumati bilan munosabatlar keskinlashganini rasman “ochiq urush” deb atadi.

Juma kuni poytaxt Kobulda portlashlar haqida xabarlar tarqaldi, chegara bo‘ylab qator hududlarda to‘qnashuvlar davom etmoqda. Islomobod Qandahor va Paktika viloyatlarida ham zarbalar berganini ma’lum qildi.

Bayonotlar “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston “Dyurand” chizig‘i bo‘ylab Pokiston harbiylariga qarshi “keng ko‘lamli hujum amaliyotlari” boshlaganini aytganidan bir necha soat o‘tib yangradi. Kobul bu harakatlarni haftaning avvalgi kunlarida amalga oshirilgan pokistonlik aviatsiya zarbalariga javob sifatida izohladi.

Pokiston: “Sabrimiz tugadi”

Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif “Tolibon”ni mamlakat ichidagi beqarorlik va terrorchilikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Islomobod vaziyatni barqaror saqlash uchun ham bevosita, ham do‘st davlatlar orqali diplomatik sa’y-harakatlar olib borgan.

- Sabrimiz tugadi, endi bu ochiq urush. Qat’iy choralar ko‘riladi, -dedi vazir.

Afg‘oniston: “Vatanimizni himoya qilamiz”

Afg‘onistonning sobiq yetakchisi Hamid Karzay Pokiston hujumlari fonida xalq birdam bo‘lib, yurtni himoya qilishini bildirdi. U Islomobodni o‘z siyosatiga qayta nazar tashlashga chaqirib, “yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat yo‘li”ni tanlash zarurligini urg‘uladi.

BMT: Fuqarolarni himoya qilish ustuvor

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish zo‘ravonlik kuchayganidan jiddiy tashvish bildirdi. Uning matbuot kotibi Stefan Dyujarrik orqali tarqatilgan bayonotda tomonlar xalqaro huquq, ayniqsa xalqaro gumanitar huquq talablariga qat’iy rioya etishga chaqirildi. Fuqarolar xavfsizligi ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

Eron: Ramazonda mulohazalikka chaqiriq

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Kobul va Islomobodni muloqot orqali kelishmovchilikni hal etishga chaqirdi. U Ramazon oyi birdamlik va o‘zini tiyish davri ekanini eslatib, Tehron konstruktiv muzokaralarga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

Rossiya: Mojaroni zudlik bilan to‘xtatish kerak

Moskva chegarabo‘yi hujumlarni darhol to‘xtatishga chaqirdi. RF TIV ma’lumotiga ko‘ra, nizoni diplomatik yo‘l bilan hal etish maqsadga muvofiq. Agar ikki tomon rozi bo‘lsa, vositachilik qilish taklif etildi.

Hindiston: “Pokiston ichki muammolarini yashirmoqda”

Hindiston TIV matbuot kotibi Randhir Jaysval Pokistonning aviatsiya zarbalarini qat’iy qoraladi. U bu harakatni Islomobodning “ichki muvaffaqiyatsizliklarini tashqi omilga yuklashga urinishi” deb baholadi. So‘nggi oylarda Dehli “Tolibon” bilan aloqalarni mustahkamlagan, Pokiston esa Hindistonni mintaqadagi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi.

Turkiya: Mintaqaviy maslahatlashuvlar ustuvor ahamiyatga ega

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan mazkur vaziyat yuzasidan Pokiston, Afg‘oniston, Qatar va Saudiya Arabistonidagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qildi. Anqara mojaroni yumshatish va barqarorlikni ta’minlash yo‘llarini muhokama etmoqda.

Qatar: Deeskalatsiya yo‘llari muhokamada

Qatar tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz Al-Xulayfiy Pokiston TIV rahbari Muhammad Ishoq Dar bilan suhbatlashdi. Tomonlar taranglikni yumshatish va mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash masalalarini ko‘rib chiqdi.

Xitoy: “Vositachilikka tayyormiz”

Pekin chegaradagi keskinlashuvdan chuqur tashvish bildirdi. Mamlakat TIV matbuot kotibi Mao Nin XXR o‘z kanallari orqali vaziyatni yumshatish ustida ish olib borayotganini aytdi. Rasmiy Pekin konstruktiv rol o‘ynashga tayyorligini ma’lum qildi.

AQSH: “Pokistonni qo‘llab-quvvatlaymiz”

AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ellison Huker Vashington Pokistonning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. U tomonlar bilan aloqalar davom etayotganini qayd etdi.

Buyuk Britaniya: “Darhol deeskalatsiya kerak”

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper keskinlik oshganidan xavotir bildirdi. London ikki tarafni zo‘ravonlikni to‘xtatib, vositachilik asosida muloqotga qaytishga chaqirdi.

Qizil Xoch: “Gumanitar qoidalar buzilmasin”

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi rahbari Miryana Spolyarich zo‘ravonlik kuchayishi aholiga og‘ir zarba berayotganini ta’kidladi. U tibbiyot muassasalari to‘liq ishlashi, yordam to‘siqsiz yetib borishi va asosiy xizmatlarga kirish kafolatlanishi shartligini eslatdi.

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yangi harbiy qarama-qarshilik nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqaning xavfsizligiga tahdid solmoqda. Xalqaro hamjamiyat esa bir ovozdan vaziyatni muzokaralar orqali barqarorlashtirishga chaqirmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA