Pokiston Afg‘onistonning “Tolibon” hukumati bilan munosabat keskinlashganini rasman “ochiq urush” deb atadi.
Juma kuni Kobulda portlashlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi, chegara bo‘ylab qator hududlarda to‘qnashuv davom etmoqda. Islomobod Qandahor va Poktika viloyatlariga ham zarba berganini ma’lum qildi.
Ushbu bayonotlar “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston Durand chizig‘i bo‘ylab Pokiston harbiylariga qarshi “keng ko‘lamli hujum amaliyoti” boshlaganini aytganidan bir necha soat o‘tib yangradi. Kobul o‘z harakatini Pokiston tomonidan hafta boshida amalga oshirilgan aviatsiya zarbalariga javob sifatida izohladi.

Pokiston: Sabrimiz tugadi
Pokiston mudofaa vaziri Havoja Osif “Tolibon”ni mamlakat ichidagi beqarorlik va terrorchilikda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Islomobod vaziyatni barqaror saqlash uchun ham bevosita, ham do‘st davlatlar orqali diplomatik sa’y-harakat olib borgan.
– Sabrimiz tugadi, endi ochiq urush bo‘ladi, qat’iy choralar ko‘riladi, – degan mulozim.
Afg‘oniston: Vatanimizni himoya qilamiz
Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Homid Qarzoy Pokiston hujumiga qarshi xalq birlashib, yurtni himoya qilishini bildirdi. U Islomobodni o‘z tashqi siyosatiga qayta nazar tashlashga chaqirib, “yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat yo‘li” tanlanishi zarurligiga urg‘u berdi.
BMT: Fuqarolarni himoya qilish – ustuvor vazifa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish zo‘ravonlik kuchayganidan jiddiy tashvish bildirdi. Matbuot kotibi Stefan Dyujarrik orqali tarqatilgan bayonotda u tomonlarni xalqaro, ayniqsa gumanitar huquq talabiga qat’iy rioya etishga chaqirdi. Fuqarolar xavfsizligi ustuvor ekanini ta’kidladi.
Eron: Ramazonda mulohazaga chaqiriq
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chiy Kobul va Islomobodni muloqot orqali kelishmovchilikni bartaraf etishga da’vat qildi. Ramazon oyi birdamlik va tiyilish davriligini eslatib, Tehron samarali muzokaraga ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Rossiya: Zudlik bilan to‘xtash kerak
Moskva tomonarni chegara bo‘yi hujumlarini darhol to‘xtatishga chaqirdi. Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, mojaroni diplomatiya yo‘li bilan hal etish maqsadga muvofiq. Agar ikki davlat rozi bo‘lsa, RF vositachilik qilishi mumkinligi aytildi.
Hindiston: Pokiston ichki muammolarini yashirmoqda
Hindiston TIV matbuot kotibi Randir Jaysval Pokiston havodan yo‘llagan zarbani qat’iy qoraladi. Bu harakatni Islomobodning “ichki muvaffaqiyatsizlikni tashqi omilga yuklashga urinishi” deya baholadi. So‘nggi oylarda Dehli “Tolibon” bilan aloqani mustahkamlagan, Pokiston esa Hindistonni mintaqadagi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi.
Turkiya: Mintaqaviy maslahatlashuv
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Pokiston, Afg‘oniston, Qatar va Saudiya Arabistonidagi hamkasblari bilan telefon orqali muloqot qildi. Anqara mojaroni so‘ndirish, barqarorlikni ta’minlash yo‘llarini izlayapti.
Qatar: Tinlik o‘rnatizarur
Qatar TIV davlat vaziri Muhammad bin Abdulaziz Al-Hulayfiy Pokiston TIV rahbari Muhammad Ishoq Dar bilan suhbatlashdi. Muloqot davomida taranglikni yumshatish, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash mavzusi ko‘tarilgan.
Xitoy: Vositachilikka tayyormiz
Pekin chegaradagi keskinlashuvdan chuqur tashvish bildirdi. Mamlakat TIV matbuot kotibi Mao Nin XXR o‘z imkoniyati doirasida vaziyatni yumshatish ustida ish olib borayotganini aytdi. Pekin muzokaraga samarali yondashuvga tayyorligini ma’lum qildi.
AQSH: Pokistonni qo‘llab-quvvatlaymiz
AQSH davlat kotibi siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ellison Xuker Vashington Pokistonning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashiga urg‘u berdi. U tomonlar bilan aloqa davom etayotganini qayd etdi.
Buyuk Britaniya: Darhol to‘xtatish kerak
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper keskinlikdan xavotir bildirdi. London ikki tomonlama zo‘ravonlikni to‘xtatib, vositachilik asosida muloqotga qaytishga chaqirdi.
Qizil Xoch: Insonparvarlik qoidasi buzilmasin
Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi rahbari Miryana Spolyarich zo‘ravonlik kuchayishi aholiga og‘ir zarba berayotganini ta’kidladi. Tibbiyot muassasalari to‘liq ishlashi, yordam to‘siqsiz yetib borishi va asosiy xizmat kafolatlanishi shartligini eslatdi.
Xulosa
Umuman, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi yangi harbiy qarama-qarshilik nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa xavfsizligiga tahdid solmoqda. Xalqaro hamjamiyat bir ovozdan vaziyatni muzokara yo‘li bilan barqarorlashtirishga chaqirmoqda.
O‘zA muxbiri Musulmon Ziyo tayyorladi.