Pokiston mudofaa vaziri Havoja Osif Islomobod Afg‘onistondagi Tolibon hukumatiga qarshi “ochiq urush” e’lon qilayotganini bildirdi.
– Endi ochiq urush olib boramiz, bu qonli to‘qnashuv bo‘ladi, – deb yozgan mulozim ijtimoiy tarmoq sahifasida.
Vazir ta’kidlashicha, Tolibon hukumati “Afg‘onistonni Hindistonning mustamlakasiga aylantirgan va butun dunyodan terrorchilarni mamlakatga olib kirib to‘plash orqali terrorizmni eksport qila boshlagan”.
Pokiston axborot vaziri Atoulloh Taror chegara mojarosi payti kamida 133 afg‘on askari halok bo‘lgani, 200 dan ko‘p odam yaralangani haqida xabar berdi. Bundan tashqari 27 afg‘on harbiy nazorat manzili vayron qilingan, 9 ta shunday maskan nazoratga olingan. Tank, zambarak va zirhli tashuvchi mashinalar – jami 80 dan ziyod harbiy texnika shikastlangan. Kobul, Paqtiya, Nangarhor va Qandahordagi Tolibon mudofaa nuqtalariga havodan zarba berilgan.
Ushbu ma’lumotni tasdiqlagan “Geo TV” telekanali axborotida, jumladan, shunday deyilgan:
– 30 dan ortiq tank, artilleriya qismi va zirhli transportyor yo‘q qilindi. Shuningdek, 12 afg‘on chegara posti butunlay yo‘q qilindi, Pokiston kuchlari yana besh chegara manzilini nazoratga oldi.
Avvalroq ikki davlat chegarasida bir necha bor Pokiston harbiylariga qarshi terror xuruji kuzatilgan edi. Bunga javoban o‘tgan hafta Afg‘onistonning Nangarhor va Paqtika viloyatlariga havo hujumi uyushtirildi. Natijada, Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, o‘nlab begunoh aholi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan, yaralangan. Shundan keyin Kobul Qurolli kuchlari Durond chizig‘i bo‘ylab keng ko‘lamli qarshi hujumkor harbiy amaliyot boshlaganini bildirdi. Baribir, to‘qnashuv keng ko‘lamli urushga aylanib ketishiga ko‘pchilik ishonmagan. Binobarin, ayrim ekspertlar ta’kidlashicha, shu kunlarda yuz berayotgan voqealar ikki qo‘shni davlat o‘rtasida jiddiy urush boshlanayotganiga ishora qilmoqda.
Masalan, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert, arabshunos Umit Go‘kche Dogan “RIA Novosti”ga bergan intervyusida “Mintaqaviy kuchlar faol aralashmasa, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi keskinlik kuchayib, to‘laqonli harbiy mojaroga aylanib ketishi mumkin” degan.
Uning fikricha, vaziyat chegara hududlari va xavfsizlik bilan bog‘liq tarixan shakllangan kelishmovchilik tufayli murakkablashmoqda. Tomonlar o‘rtasida barqaror ishonch mexanizmi yo‘qligi zo‘ravonlik yanada avj olishi nuqtai nazaridan juda xavfli.
Shuningdek, tahlilchi o‘zaro munosabatdagi beqarorlik mintaqada migratsiya, chegaralar aro xavfsizlik va radikal guruhlar faoliyati masalalariga ham salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Bu holat qo‘shimcha xavf-xatarlarni yuzaga chiqaradi.
S.Rahimov, O‘zA sharhlovchisi