Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pok joyda baraka bo‘ladi
11:33 / 2024-03-04

Hududlar tozaligini saqlash, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlashning oldini olish maqsadida Andijon viloyatining turli hududlariga nazorat kuzatuv kameralari o‘rnatilmoqda.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Andijon viloyatining tuman va shaharlaridagi qator mahallalarga bosqichma-bosqich kuzatuv kameralari o‘rnatish rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar Andijon shahrining turli hududlariga 12 ta nazorat kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lsa, shu kunlarda yana 34 dona 360 gradusli zamonaviy videokuzatuv kameralari ishga tushirilmoqda. Bu joylarda noqonuniy chiqindilar tashlanishining oldini olishga xizmat qiladi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi mutaxassislari tomonidan nazorat kuzatuv kameralaridan olingan video va foto tasvirlar tahlil qilinib, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish yo‘lga qo‘yilgan.

[gallery-16204]

–Belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan fuqarolar, avtomashinalar ro‘yxati shakllantirilib, ularning manzillari aniqlanmoqda, – deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari Lochinbek Isomuddinov. – Hududiy inspektorlarimiz tomonidan ularning yashash xonadonlariga borib sodir etilgan huquqbuzarliklar haqida xabar berilmoqda, ularning xatti-harakati belgilangan tartiblarga zid ekanligi, atrof-muhitga zarar keltirishi tushuntirilmoqda, shuningdek, ularga nisbatan ma’muriy jarimalar rasmiylashtirilmoqda. 

Bundan tashqari, mutasaddilar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlarining oldini olish, fuqarolarning ekologik madaniyati, bilimlarini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. 

Pok joyda baraka bo‘ladi. Uyimiz atrofi, ko‘cha, guzar va mahallalarimiz tozaligi uchun nafaqat mutasaddilar, balki keng jamoatchilik, har bir yurtdoshimiz mas’uldir. 

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, amaldagi tartiblarga ko‘ra, belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik uchun fuqarolarga 340 ming so‘mdan 1 million 20 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga 3 million 400 ming so‘mdan 6 million 800 ming so‘mgacha jarima belgilangan.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari