O‘zbek davlatchiligi tarixining shunday murakkab davrlari borki, unda sodir bo‘lgan voqealar, siyosiy to‘qnashuvlar va harbiy yurishlar tafsiloti bizgacha yetib kelishida muarrixlarning xizmati beqiyosdir.
XVII asrning so‘nggi choragi – ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davri ana shunday ziddiyatli va tahlikali pallalardan biri hisoblanadi. Bu davr manzaralarini kelajak avlodga aniqlik va xolislik bilan yetkazgan, bir qo‘lida qilich, bir qo‘lida qalam tutib vatanga xizmat qilgan shaxs – Xoja Samandar Termiziydir. Uning “Dastur ul-muluk” (“Podshohlar uchun dastur”) asari nafaqat hukmdorlarga o‘git beruvchi risola, balki o‘z davrining jonli solnomasi sifatida ham qimmatlidir.
Manbalarda keltirilishicha, adibning asl ismi Muhammad Baqo bo‘lib, adabiy va ilmiy davralarda “Samandar” taxallusi bilan shuhrat qozongan. Uning hayoti sokin hujralarda emas, balki shiddatli jang maydonlarida, saroyning qizg‘in siyosiy jarayonlari ichida kechgan. Xoja Samandar joniylar (ashtarxoniylar) sulolasining ikki yirik vakili – Abdulazizxon va Subhonqulixon davridagi harbiy safarlarda bevosita ishtirok etgan. Aynan shu omil – voqealarning qoq markazida bo‘lish, jang guvohiga aylanish – uning asarlariga o‘zgacha ishonch va ruh bag‘ishlaydi. 1695 yillar atrofida, Subhonqulixon hukmronligi davrida yozib tugatilgan “Dastur ul-muluk” asari shu jihati bilan boshqa tarixiy manbalardan ajralib turadi.
Asarning tarixiy qimmati shundaki, u 1681–1695 yillar oralig‘ida Buxoro xonligida yuz bergan harbiy-siyosiy talotumlarni o‘ta aniqlik bilan tasvirlaydi. Xususan, Xiva xoni Anushaxon va uning vorislari tomonidan Buxoroning markaziy shaharlariga uyushtirilgan muttasil hujumlar tafsiloti muallif tomonidan kuyunib bayon etilgan. Anushaxon qo‘shinlarining Samarqand, Qarshi va Koson hududlarida amalga oshirgan talonchiliklari, yo‘lto‘sarlik va aholiga yetkazilgan jabr-zulmlar shunchaki quruq qaydlar emas, balki xalq boshiga tushgan og‘ir sinov sifatida gavdalantiriladi. Muarrix bu o‘rinda voqealarni qayd etish bilan cheklanmay, davlat yaxlitligi va yurt tinchligini saqlash qanchalik mashaqqatli vazifa ekanini uqtiradi.
“Dastur ul-muluk”da vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlar jasorati alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Subhonqulixonning ishonchli sarkardalaridan biri Muhammad Said xoja naqibning qahramonligi bunga yaqqol misoldir. Manbada yozilishicha, dushman Fo‘lodi qishlog‘ida katta kuch bilan o‘rnashib olganda, naqib bor-yo‘g‘i ikki yuz nafardan kamroq saralangan navkarlari bilan jangga kiradi. Son jihatidan bir necha barobar ustun bo‘lgan g‘animga qarshi tik borish – bu faqat harbiy mahorat emas, balki yuksak vatanparvarlik va ruhiy qudrat belgisi edi.
Shuningdek, asarda Ne’matullohxoja eshikog‘aboshining Miyonqol va Dabusiya atrofidagi janglardagi ishtiroki ham yorqin bo‘yoqlarda tasvirlangan. Uning “tilla suvi yuritilgan qilich” bilan g‘anim saflarini yorib o‘tishi, Yodgorbiy ming Niyoz va Razzoqberdibiy o‘g‘illarining qilichbozlikdagi mahorati manbalar orqali bizgacha yetib keldi. Bu nomlar bugungi avlod uchun shunchaki tarix sahifasidagi yozuvlar emas, balki ajdodlarimizning mardlik maktabi namunasidir. Xoja Samandar Termiziy ushbu shaxslar timsolida davlat tayanchi bo‘lgan sadoqatli o‘g‘lonlar siymosini yaratgan.
Voqealar rivojida harbiy hiyla va aql-idrokning o‘rni ham ustalik bilan ochib berilgan. G‘ijduvon yaqinidagi Jilvon kanali bo‘yida yuz bergan hodisa buning isbotidir. Anushaxon katta qo‘shin to‘plab, Buxoroni zabt etish ilinjida turganida, Subhonqulixon vaziyatni to‘g‘ri baholaydi. Hukmdor o‘z amirlariga dushman yo‘lini epchillik bilan to‘sishni buyuradi. Natijada, Xoja Xovand Mahmud Ahroriy yetkazgan xabarga ko‘ra, tunda “Surayyo yulduzlaridek to‘plangan” dushman kuchlari “Katta ayiq yulduzlari kabi bo‘linib”, jangsiz ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Muarrix qo‘llagan ushbu go‘zal tashbeh tarixiy haqiqatni badiiy joziba bilan ifodalashning nodir ko‘rinishidir.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari – o‘zbek xalqining shonli va ayni paytda mashaqqatli o‘tmishidan darak beruvchi merosdir. Undagi har bir satr tinch va osuda hayot ota-bobolarimizning zahmatli mehnati evaziga bunyod etilganini eslatib turadi. Tarixiy xotirani tiklash, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan ilmiy va madaniy boyliklarni chuqur o‘rganish – milliy o‘zlikni anglashning muhim shartidir. Zero, o‘z tarixini bilgan va undan to‘g‘ri xulosa chiqargan millatgina kelajakka ishonch bilan qaray oladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA