Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Pochta aybdor, la’nati pochta”
17:15 / 2022-07-25

Adabiyot bekati

Bu mening ilk she’riy tarjimam. Rosti, yuz jilddan iborat “Turk dunyosi durdonalari” antologiyasi uchun O‘ljas Sulaymonovning she’rlaridan yuz bet tarjima qilib berishni bo‘ynimga olishga oldimu, yuragimga xavotir oraladi. Tabiatan jur’atli odam bo‘lsam-da, katta adabiyot oldidagi mas’uliyatim meni ikkilantirib qo‘ygandi. Turkiy millatlarning faxri bo‘lmish bu qozoq shoirining dashtliklarga xos dag‘al, chapani, tabiiy va yurakka yaqin ohangini, ruhini ifoda etish oson emasdi (garchi o‘zim ham dashtlik bo‘lsam-da). She’rni bir nafasda o‘qib tugatishga majbur qilguvchi fikrlar shiddatini, o‘qib tugatgandan keyin o‘z ichida uzoq yashatguvchi nozik holatlarni, hayqiriqsiz hayqiriqlar, tubsiz tub, jimjimasiz ulug‘vorlik, timsollar ila bayon etilgan, bilim ila sug‘orilgan zalvorli fikrlarni o‘zbek tilida xuddi asliyatdagidek ochib berish katta mahoratni talab qiladi.

O‘zing she’r yozsang, o‘z iqtidoring darajasida yozib, tinchingni topasan odam. Boshqacharoq aytganda, bo‘lganing shu ekanini tan olasan. Ammo katta shoirning she’rlarini qayta yozishga qo‘l ursang, bo‘lganingdan ko‘ra oshiqroq bo‘lishga, o‘sha katta shoir darajasiga ko‘tarilishga urinar ekansan. Antologiya uchun mas’ul inson Ulug‘bek Hamdamning ishonchi, tarjima sohasidagi yagona ustozim, hamnafasim Odil Ikromning ma’naviy qo‘llovi, shuningdek, rus tili bilimdoni Ibrohim Choriyevning ko‘magi bilan boshlagan ishimni belgilangan muddatda yakuniga yetkazdim. Hazratimizning “Bilmaganin so‘rab o‘rgangan olim” degan naqllariga amal qilib, men so‘rab-surishtirishdan tortinmadim, menga yelka tutgan ko‘makdosh insonlar esa javob berishdan og‘rinmadilar. 

Yashirmayman, ba’zi she’rlarni uch-to‘rt martalab qayta o‘girishimga to‘g‘ri keldi. Hozir ham har o‘qiganimda tahrir kiritayapman. Mana, yana bir-ikki joyini o‘zgartirdim va... endi e’tiboringizga havola etsam bo‘ladi, deb qaror qildim. Baho berish sizdan, aziz adabiyot muxlislari!

 

OYDINNISO

 

“BIR URUSH TUGADI BOSHQASIN BOSHLAB...”

 

...Bir urush tugadi boshqasin boshlab,

Otamning akasi frontga ketdi. 

O‘zi xohlabmidi? Eslay olmayman.

Eslaganim – uyqusizlik,

oqish darchalar,

tungi qo‘rquvlaru 

sertuproq ko‘cha

va keskin tormozlar muyulishdagi.

U chang bosgan ariq yoqalab yurdi 

qo‘lida to‘rvasi,

Men-chi, yugurdim, 

quchoqlab oldim va so‘radim undan:

fashistni asirga olishni hamda

gar taslim bo‘lmasa,

qilich bilanmi,

yoki shunga o‘xshash bir nima, 

balki

miltiqning nayzasi bilan urishni,

shunchaki qorniga tepishni yoki –

og‘riqli bo‘lsa bas –

og‘rishi uchun,

sharillab oqishi uchun qora qon,

qo‘llarini shartta kesib olishni...

Ko‘zimga boqdi u ko‘z qiri bilan,

Bobom qovoq solib yo‘talib qo‘ydi, 

tupurdi “chirt etib” oyoq ostiga...

 

Xat kelardi uyga o‘zi kamdan-kam,

Keyin bittasi keldi.

Unda aytilishicha:

Jasorat ko‘rsatib qahramonlarcha

halok bo‘lgan emish amakim!

Men-chi, tushunmasdim

va xursand bo‘ldim

jasorat so‘zini ko‘rganim mahal. 

Bobom yig‘lamadi.

Lek qaror qildi 

qariya qimtinib va aftodahol,

yetaklaganicha och nabirasin,

yarim mamlakatni kezib chiqishga,

minglab qabrlarni oralab yurib,

o‘z o‘g‘lining qabrin izlab topishga. 

Ijozat bermadi o‘g‘liga bobom

begona tuproqda yotishi uchun.

 

Eslaganim – bekat, jazirama issiq, 

nonsizlik, 

vagonlar, uchar askarlar,

toptalgan yer, tanklar qobirg‘alari,

bo‘sh vokzalning och o‘g‘rilari,

kuyib ado bo‘lgan daraxtlar hamda

kuyuk o‘tlarni yeb bo‘kkan sigirlar. 

Eslaganim – daryo, yana daryolar,

Gohi shivalagan, goh sharros yomg‘ir,

Mog‘orlagan eman, ansol tanasi,

loy va loy, 

yana loy tizzaga dovur.

 

Ko‘rsatdilar bizga amakim qabrin,

Kichik bir qishloqning orqasida u,

sharros yomg‘irdan so‘ng sal suvin shimgan.

Kichik soy ustida loy tepalikday.

Bobom duo qildi, nosvoy tufladi,

Men-chi, loy tuproqqa boqdim qiziqib,

Shundayin tuproqki, deyarli bizning

tuproqdan farqi yo‘q,

nam tortgan faqat. 

Eslaganim – qishloq ahli atrofda,

Chiroyli ko‘rindi ulardan biri,

Ozg‘in va qirmizi yonog‘i bilan.

Va g‘azabnok edi qo‘shnimiz kabi. 

Eslaganim – boqmadi ularga bobom,

Yechdi peshmatini, qabr aylandi,

belkurak botirdi loy tepalikka.

Va birdan ayollar qurshab bobomni,

bexos tilga kirdi qirmiz yonoqli. 

Eslaganim – dedi:

– Mumkinmi axir... 

Bu yerda yotibdi o‘n sakkiz kishi.

Sal-pal tushunardi ruschani bobom,

Avaylab sug‘urdi u belkuragin,

qora tuproq zaxmin

silab qo‘l bilan

quruq etigiga artdi qo‘llarin.

Sokin daryo bo‘ylab o‘tkazdik kunni.

Kuzatib o‘tirdi bizni bolalar

quyosh butkul botib ketgunga qadar.

Arabcha duolar o‘qidi bobom, 

u yig‘ladi duo o‘qib, men esa, 

men o‘t-poya bilan quvdim chumoli...

 

ONA

 

Bolgariyada shoir Dimcho Debelyanov onasining  haykali bor. G‘am-g‘ussadan tosh qotgan kampir tosh supada jag‘ini tirab o‘tiradi. U qishloqda eng tortinchoq yigit edi. Urushda esa eng dovyurakligi bilan o‘zini ko‘rsatdi. Eng kishi bilmas edi, eng dongdor bo‘ldi. Bu – ona tufayli edi:

 

— Nom qozongin, o‘g‘lim, 

gar inson bo‘lsang,

qabilang ramziga do‘nar

u balki,

uchqur vaqt sovug‘i uzra

egilgan

mangu yosh va ma’yus

majnuntol kabi.

Yo‘l hamisha olis,

mehnat-chi, og‘ir.

Och og‘zingga

shishgan ko‘krakni solib,

senga yuklaganman oq sutim, axir,

ulg‘aygin, nihoyat, 

nom qozongin deb. 

Faqat aytolmayman,

qanday va qayda.

Noming bunda emas –

boshqa bir joyda,

boshqa bir joyda.

O‘lim qah-qah otib,

ko‘zga tupursa,

do‘sting ko‘zyosh kabi 

o‘tga yiqilsa,

barcha yo‘llar

ortga burilsa keskin,

O, o‘shanda senga aytishim mumkin:

“Ko‘ksingni ker, o‘g‘lim,

buyuksak, o‘g‘lim,

EPLAYSAN,

ko‘ray –

to‘p og‘zida turgin!”

O, ana o‘shanda ko‘rsatib seni,

o‘zimni ko‘rsatib, 

aytayin shuni:

“Bu kamtar yigitning

kazakligi chin,

uning onasidir

bu qari xotin”.

Yodda tutgin, o‘g‘lim, 

bo‘lsang qayda, bo‘l,

Sen boshga 

MUSIBAT tushgan 

joyda bo‘l. 

Vodiy uzra o‘qlar 

sayrab uchmasa,

vaqt sudralib,

sening davring o‘tmasa,

el yig‘isiz o‘ynab,

ko‘zyoshsiz kulsa,

qizlar sochin 

shoshib yashirmay yursa,

G‘ujursizlar 

g‘urur tuysa o‘zidan,

o‘shanda 

bo‘l, mayli, kamtaru besas, 

o‘g‘lim, o‘shanda bo‘l, 

sen kishi bilmas. 

 

 

“POCHTA AYBDOR, LA’NATI POCHTA”

 

Pochta aybdor, la’nati pochta.

Sen menga yozasan, bilaman,

sen menga yozasan har oqshom. 

Yopishtirib aviamarkani,

yugurasan burchakka tomon,

Men bilmayman,

nega bu pochta

ikki yilki, bermaydi yordam!..

 

Men qaytarman,

sakkiz kunda asil choparday,

tezmi? 

Nafas rostlayman loaqal bir soat,

balki bir umr,

topmoq uchun eshigimizni

va mushtlab taqillatmoq,

tinglamoqqa yutib nafasim,

qulfning shiqirini

o‘q sasi misol.

 

Kelarman,

o‘lsam-da kelarman

endi.

Va qasam ichaman,

gar ikki yilda

chiroy ochgan bo‘lsang yana-da,

gar men bilolmasam,

sening titroq so‘zlaring...

Seni xudo asrasin,

topinaman shu ondan boshlab,

Xudoyimning o‘zi asrasin seni,

asrolmagan bo‘lsam men agar.

O‘ljas SULAYMONOV

Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi