Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Pochta aloqasi sohasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda
11:26 / 2022-04-28

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi davom etmoqda. Unda «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonunning yangi tahriri xizmatlar bozoridagi pochta aloqasi faoliyatini rivojlantirishga hamda pochta aloqasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

Qonun bilan pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari kengaytirilib, unga asosan davlat tomonidan pochta aloqasini xalqaro normalar va standartlarga muvofiq rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, ilg‘or innovatsion, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish belgilanmoqda.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonunda nazarda tutilgan normalar pochta sohasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaratishga xizmat qiladi.

Mazkur qonun hujjatlarining rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini yurituvchi organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi belgilanmoqda.  

Qonun bilan foydalanuvchilarning manziliga oid ma’lumotlar, pochta va kurerlik jo‘natmalari, ularning tarkibi to‘g‘risidagi axborot, shuningdek pochta aloqasi operatorlari hamda provayderlarining faoliyati sohasiga kiradigan boshqa xabarlar pochta aloqasining sirini tashkil etishi va uni davlat tomonidan kafolatlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun pochta aloqasining xavfsizligini ta’minlash choralari to‘g‘risidagi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, pochta aloqasi sirini himoya qilishga, pochta va kurerlik jo‘natmalarining, vositalarining but saqlanishini ta’minlashga qaratilgan.

Majlisda senatorlar mazkur qonunning ahamiyatini ta’kidlab, uni ma’qulladilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA