Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Platforma pedagoglarga ko‘makchi
10:30 / 2023-02-02

Ta’lim tizimidagi islohotlarning amaliyotga tatbiq etilishida ustoz murabbiylarning o‘rni va hissasi beqiyos. Bu o‘z navbatida ularga katta mas’uliyat ham yuklaydi.

Bilimdon, o‘z ustida ishlaydigan, pedagogik va axborot texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, zamonaviy talablarga javob beruvchi o‘qituvchilar ertangi kunni belgilovchi, yetuk, komil insonni, salohiyatli kadrlarni tarbiyalaydi. bugungi taraqqiyot tendensiyalari o‘qituvchidan doimiy o‘z ustida ishlashni, kasbiy rivojlanishni talab etmoqda.  

Prezidentimiz raisligida joriy yil 20 yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan  yig‘ilishda ta’lim sifati tanqid qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab berildi.

"Masalan, 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda. Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasida tashkil etilgan mustaqil kurslar ham pedagog-o‘qituvchilarning malaka ko‘nikmasini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

bugungi kunga qadar ushbu kurslardan 63 ming 94 nafar o‘qituvchi foydalangan va o‘z kasbiy bilimlarini oshirgan. Ushbu ommabop kurslar hamma uchun ochiq hisoblanib, platformadan ro‘yxatdan o‘tganlar bemalol kurslar bilan tanishishi va yangi bilim ko‘nikmalarga ega bo‘lishi mumkin. Platformada o‘qituvchilar uchun "Ommabop kurslar" ruknida mustaqil ixtiyoriy kurslar tashkil etilgan. Bunda o‘qituvchilar o‘z fanlari doirasida malaka toifa olish imtihonlariga tayyorlanishi, yangi zamonaviy bilim, ko‘nikmalarga ega bo‘lishi mumkin.

O‘qituvchilar uchun bilimlar maydoni bo‘lgan “Uzluksiz kasbiy ta’lim” maxsus elektron platformasida 2022 yilda jami 18 ta ommabop kurs tashkil etildi. Ushbu kurslarga 418 ta videodars, 43 ta taqdimot, 43 ta ma’ruza va 284 ta nazorat savollari joylashtirilgan.  

Kembrij tajribasi asosida trenerlar tayyorlash va maktab o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirish kursida hozirgacha 101 ming 879 nafar pedagog o‘qidi.  

Ommabop kurslar – informatika va axborot texnologiyalarini o‘qitish metodikasi, kasbiy rivojlanishda xalqaro tajriba, “Ta’limda liderlik” mavzusida qisqa muddatli malaka oshirish trening-kurslari, ustozlar Milliy forumi, Milliy o‘quv dasturi mazmun va mohiyatini o‘rganish asoslari, mental arifmetika, STesting, PISA tadqiqotlarida o‘qish savodxonligi, matematik savodxonlik, xitoy tilini o‘qitish metodikasi, Pover Point dasturini mukammal o‘rganish, informatika va axborot texnologiyalari fanidan attestatsiya jarayonlariga tayyorlash (4 ta modul), tarbiya fani, ingliz tili orqali ingliz tilini o‘rgatish, Kembrij tajribasi asosida trenerlar tayyorlash va maktab o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirishdir.

Al-Farobiy ta’kidlaganidek, “O‘qituvchi aql-farosatga, chiroyli nutqqa ega bo‘lishi va o‘quvchilarga aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini to‘la va aniq ifodalay olishni bilmog‘i zarur”. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur platforma soha mutaxassislari salohiyatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yangi ta’lim tajribasini joriy etish uchun tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi borasidagi ishlar boshlangan. Bu jarayonlarda pedagoglardan ham mas’uliyat, tashabbuskorlik, kuchli bilim va fidoyilik talab etiladi.

 

B.Meliqulova, O‘zA