Tabiat plastmassaga muqobil moddalarga boy. Shunga qaramay, kundalik hayotda yelim buyumlarni ko‘p ishlatyapmiz. Natijada atrof-muhit tozaligi bilan bog‘liq vaziyat izdan chiqmoqda. Muammoning oldini olish uchun sayyoramiz ahli hamjihat ish olib borishi, muqobil variantlarni hayot tarziga joriy qilishi kerak.
2021 yil dunyoda 369 million tonna yelim savdosi amalga oshirilgan. Tasavvur qilish uchun bu hajm 18 milliondan ziyod yuk mashinasini to‘ldirish uchun yetarli ekanini aytish joiz.
Ishlab chiqarilgan plastmassaning 10 foizidan ham kami qayta ishlanadi, asosiy qismi esa ko‘chalarni axlatga to‘ldiradi, daryo va dengizlarni ifloslantiradi, okean mavjudotiga qiron keltiradi.
Tabiatda bambuk, qum, banan, suv o‘ti kabi tabiiy materiallar ham mavjud. Bulardan xarid paketi, shisha idish, oziq-ovqat o‘rami singari plastikning muqobili bo‘la oladigan ekologik toza variantlar hosil bo‘ladi.
Tadqiqotga ko‘ra, plastmassa o‘rnini bosuvchi mahsulotlar 2040 yilga kelib global plastik chiqindini, taxminan, 17 foiz qisqartirishi mumkin. Savdo va atrof-muhit masalalari bo‘yicha YUNKTAD iqtisodchisi Enriki Pachini ta’kidlashicha, “bu sayyoramiz uchun ham ekologik, ham iqtisodiy foyda keltiradi”. Faqat buning uchun mamlakatlar va kompaniyalar ishlab chiqarishni kengaytirishi, savdo to‘sig‘ini kamaytirish uchun birgalikda va chegaralar orqali hamjihat ishlashlari kerak, deyishadi mutaxassislar.
Trillion dollarlik imkoniyat

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yil plastmassa o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning jahon bo‘ylab savdosi 388 milliard dollarni tashkil etgan. Bu qazib olinadigan yonilg‘idan tayyorlangan plastmassa savdosining uchdan bir qismiga teng. Ko‘rinib turibdiki, plastik o‘rnini bosuvchi mahsulotlar uchun bozor allaqachon bisyor va o‘sish uchun ulkan salohiyat bor.
Plastmassa o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning uchdan ikki qismi rivojlanayotgan mamlakatlardan olinadigan xom ashyodan tayyorlanmoqda. Olimlar ta’kidlashicha, har bir mamlakat ishlab chiqarishda afzallikka ega materiallarga e’tibor qaratishi kerak. Masalan, Karib dengizi, Hind va Tinch okeanidagi ko‘plab orol-davlatlarda kokos qobig‘i, bambuk daraxti plastmassa o‘rnini bosuvchi mahsulotlar sirasiga kiradi.
Qo‘shimcha qiymat yaratiladi

2020 yil eksport qilingan 388 milliard dollarlik plastmassa o‘rnini bosuvchi mahsulotlarning uchdan bir qismi qo‘shimcha qiymatga ega, qolgani xom ashyo. Bundan tashqari 2020 yil tashlab ketilgan, yo‘qolgan yoki boshqa yo‘l bilan itqitilgan baliq ovlash vositalari o‘rnini bosuvchi, taxminan, 4 milliard dollarlik mahsulot sotilgan. Afsuski, rivojlanayotgan mamlakatlardagi ko‘pgina kompaniyalarda tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlarni keng miqyosda ishlab chiqarish uchun zarur texnologiya, imkoniyat mavjud emas. Demak rivojlangan mamlakatlar ushbu korxonalarga sarmoya kiritishi, texnologiyani rivojlantirish, malaka oshirish masalalarida ko‘maklashishi mumkin.
Plastik o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish miqdori ortishi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar hamkorligi ko‘lami kengayishi bilan bog‘liq, deydi ekspertlar.
Londondagi biologik parchalanadigan qadoq muqobilini yaratish uchun dengiz o‘tidan foydalanayotgan “NotPla” startapi Chili va Ganada sinov boshladi. Bu yerda BMT ekspertlari va ikki mamlakat atrof-muhit vazirliklari sherikligida dengiz o‘tini qadoqlaydigan quti sinovdan o‘tkazilyapti. Kompaniya bosh direktori Rodrigo Garsiya aytishicha, jamoaning maqsadi bir narsani aniqlash: korxona qadoqlari hozir Afrika bo‘ylab foydalanilayotgan suv paketini almashtira oladimi yoki yo‘q?

Yechimini kutayotgan muammolardan yana biri qazib olinadigan yonilg‘iga asoslangan turli xil plastmassa buyumga subsidiya, past tarif ko‘p qo‘llanilayotgani bilan bog‘liq. Masalan, butun dunyo bo‘ylab plastik kukun uchun o‘rtacha tarif 7.7, qog‘oz kukun uchun esa 13.3 foiz. Ya’ni, plastik idish boshqa buyumga qaraganda anchayin raqobatbardosh.
“Oddiy qilib aytganda, odamlar joriy tarif tufayli arzonlashayotgan plastmassadan foydalanishni to‘xtatib, o‘rindosh tabiiy mahsulotlarni qabul qilishni istamayapti”, deydi atrof-muhit masalalari bilan shug‘ullanuvchi ekspert Devid Vivas.
Bir vaqtlar olimlar yelim buyumlarni yaratib, “qanday arzon material topdik”, deb o‘ylagan bo‘lsa, ajabmas. Binobarin, ko‘p vaqt o‘tmay, bunday buyumlar atrof-muhit tozalagi uchun ulkan tahdidga aylandi. Falakning gardishi shuki, endi mutaxassislar plastmassa balosidan xalos bo‘lish maqsadida bosh qotiryapti.
S.Rahimov,
O‘zA