Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Plastik quvurlarga talab oshmoqda
15:21 / 2023-04-27

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Xontepa mahallasida faoliyat yuritayotgan “Vulqon elektron sanoat qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati plastik mahsulotlar ishlab chiqarishda yetarli tajriba to‘plagan. Korxonada dastlab suv hisoblagichlari uchun tashqi ta’sirlardan himoyalovchi maxsus plastik qutilar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda plastik quvurlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirildi.

– Korxonamiz ko‘p tarmoqli bo‘lib qurilish ishlari bilan ham shug‘ullanamiz, – deydi MCHJ rahbari Sanjar Ismoilov. – Shu bois o‘zimizda ham turli o‘lchamdagi plastik quvurlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori edi. Uni uzoq joydan olib kelinishi mahsulot tannarxi oshiriyotgan edi. Aynan shu jihat plastik quvurlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga undadi.  

Ahamiyatli jihati, tadbirkor tomonidan bildirilgan taklif tuman hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.  Loyihani yo‘lga qo‘yish uchun hududdagi kichik sanoat zonasidan 35 sotix yer maydoni ajratib berildi. Natijada tadbirkor qisqa fursat ichida bu yerda ishlab chiqarish ob’ektini barpo etib, xorijdan 15 xil o‘lchamdagi plastik quvurlar ishlab chiqaradigan zamonaviy texnologiya olib keldi. Ishlab chiqarish boshlandi.

– Ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni “Sho‘rtangazkimyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan xarid qilyapmiz, – deydi korxona ishchisi Akrom Xoliqulov. – Bundan tashqari, plastik chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalardan ham olish mumkin. Olib kelingan plastik granulalari maxsus uskunaga qo‘yilgach, sex ishga tushadi. Operator buyurtmaga qarab, mavjud kompyuterga qaysi o‘lchamdagi quvur kerakligi haqidagi ma’lumotni kiritsa bas, qolganini texnikaning o‘zi bajaradi.  

Korxona rahbarining ta’kidlashicha, hozirgi kunda ishlab chiqarilgan mahsulotning deyarli 80 foizi mazkur sub’ektning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan qurilish ob’ektlarida ishlatilmoqda. Qolgan qismi esa ichki bozorga sotilmoqda. Mahsulotga talab yuqori, oldindan buyurtmalar ham ko‘p. Bu loyihani yanada kengaytirishga undamoqda. Shu maqsadda tadbirkor yirik o‘lchamdagi plastik quvurlar ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.

[gallery-11602]

Albatta, tadbirkor avvalo o‘z manfaatini ko‘zlab harakat qiladi. Faoliyatni kengaytirsam, bozorda o‘z o‘rnimga ega bo‘lsam, iqtisodiy imkoniyatlarimni oshirsam, deydi. Shu yo‘lda ishlaydi, izlanadi, intiladi, yangi tashabbuslarni amalga oshiradi. Buning ortidan hudud farovonlashadi, iste’molchi uchun tanlash imkoniyati kengayadi. Yana bir muhim jihati yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Xususan, “Vulqon elektr sanoat qurilish” MCHJning plastik quvurlar ishlab chiqarish sexida shu kungacha 6 nafar fuqaroning doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan bo‘lsa, loyihaning ikkinchi qismi ham amalga oshirilgach, ular soni yana oshadi.

O‘lmas Barotov,

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA