English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Plastik qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi
11:52 / 2026-03-04

Global raqobat keskin tus olgan bugungi sharoitda mahsulotni yetishtirishning o‘zi kifoya emas. Uni sifatini saqlagan holda, xavfsiz va yo‘qotishlarsiz manzilga yetkazish agrar va eksport salohiyatining hal qiluvchi omiliga aylanmoqda.

Shu ma’noda BMB Holding tarkibidagi "BMB Impex" korxonasida zamonaviy texnologiyalar asosida plastik qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani ichki bozor va eksport zanjiridagi muhim bo‘g‘inni mustahkamladi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, avvalo, Xolding tizimidagi eksportyor korxonalar ehtiyojini barqaror ta’minlashga qaratilgan. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida qadoqlash, ularning tovar ko‘rinishi va sifatini saqlash, tashish jarayonidagi yo‘qotishlarni kamaytirish — korxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

Mutaxassislar fikricha, qadoqlash sifati eksport geografiyasini kengaytirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zero, tashqi bozor iste’molchisi nafaqat mahsulot mazasi, balki uning taqdim etilish madaniyatiga ham yuksak talab qo‘yadi. "BMB Impex"da ishlab chiqarilayotgan plastik qutilar ana shu talablarga javob beradigan, mustahkam, ekologik xavfsiz va iqtisodiy jihatdan maqbul yechim sifatida taklif etilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, korxona faoliyati faqat Xolding doirasida cheklanib qolmaydi. Ayni paytda mamlakatimizdagi boshqa ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi sub’ektlar ham mazkur mahsulotdan foydalanish imkoniga ega. Bu esa mahalliy tadbirkorlar uchun sifatli va hamyonbop qadoqlash vositalarini tanlash imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Yangi ishlab chiqarish yo‘nalishi qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, qadoqlash sohasida import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushi ortib, milliy iqtisodiyot barqarorligiga munosib hissa qo‘shilmoqda.

Yaqin istiqbolda ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish rejalashtirilgani korxonaning strategik maqsadlari izchil va aniq ekanini ko‘rsatadi. Bu esa "BMB Impex" ning nafaqat Xolding tizimida, balki respublika miqyosida ishonchli va barqaror hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashi shubhasiz.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri