Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Plastik kartalardagi pulni kiberjinoyatchilar qanday qoʻlga kiritadi?
14:40 / 2020-04-30

“Elektron hamyon” nomini olgan plastik kartalar hozirgi kunda qulay toʻlov vositasiga aylandi.


“Elektron hamyon” nomini olgan plastik kartalar hozirgi kunda qulay toʻlov vositasiga aylandi. Ammo bankdagi hisob varaqlaridagi pullarga hujum qilishdan tap tortmagan kiberjinoyatchilar plastik kartalarga ham eʼtibor qaratishi turgan gap.

Plastik kartalardan pullarni oʻgʻirlash bilan bogʻliq xabarlar uchrayotgani esa sir emas. Oylik maoshi yoki boshqa mablagʻi plastik kartada boʻlgan fuqarolarni esa bu, tabiiyki, xavotirga soladi.

Xoʻsh, plastik kartalar xavfsizligi qanday taʼminlanishi kerak? Bunga oydinlik kiritish uchun Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori oʻrinbosari Akmal Nazarovga bir necha savol bilan murojaat qildik.

- Plastik kartadagi pulni oʻgʻirlagan shaxslar haqida xabarlar uchrab turibdi. Karta raqamini qoʻlga kiritgan shaxs yoki kiberjinoyatchi uning parolini bilmasa ham mablagʻni oʻzlashtirishi mumkinmi?

- Bank kartalari ustidagi raqamlari, yaʼni rekvizitlar – bank kartasining egasini unifikatsiya va identifikatsiya qilish hamda kartaning amal qilish muddatini belgilaydi. Shuningdek, karta rekvizitlari bank kartasini masofaviy xizmat koʻrsatish tizimiga ulash uchun foydalaniladi.

Bank kartalaridagi raqamlar boshqa shaxsga oshkor boʻlib qolishi xavf tugʻdirmaydi. Ammo begona shaxslarning karta egasining ruxsatisiz masofaviy xizmat koʻrsatish tizimiga ulanishga urinishi mumkin. Karta rekvizitlari tarmoqqa kiritilganda karta egasining uyali telefoniga SMS-xabarnoma xizmati orqali maxfiy kod yoki raqamli xabarnoma keladi. Agar mazkur xabar (kod) begona shaxsga oshkor boʻlsa, ularda masofadan turib kartadagi pul mablagʻlarini oʻzlashtirish imkoni vujudga keladi. Yaʼni karta egasi kiberjinoyatchilarga oʻz mablagʻlarini oʻzlashtirishuchun sharoit yaratib bergan boʻladi.

Yoki telegram kanallarda “guruhga shuncha odam qoʻshsangiz, hisobingizga buncha mablagʻ oʻtkazib beramiz” mazmunidagi eʼlonlar ham koʻpaydi. Ularning shartlarini bajarganingizdan soʻng ular goʻyoki pul oʻtkazmoqchi boʻlib, plastik karta raqami va boshqa maʼlumotlarni soʻrashi mumkin.

Koʻp hollarda firibgarlar oʻzini bank xodimi yoki turli aksiyalar tashkilotchisi sifatida tanishtirib, kartaga maʼlum miqdorda mablagʻ oʻtkazib berishni taklif qilgan holda bank kartasi egasining mobil telefoniga kelgan “tasdiqlovchi kod”ni soʻraydi. Bunday holatda ushbu kodni ularga zinhor oshkor qilmaslik kerak hamda bunday shaxslar haqida ichki ishlar organlariga xabar berish lozim.

Yana alohida qayd etib oʻtamiz, bank kartasi egalarining mobil telefonlariga “SMS-xabarnoma” xizmati orqali kelgan maxfiy kodni boshqa shaxslarga oshkor qilmasliklari bank kartasidagimablagʻlarning boshqalar tomonidan oʻzlashtirilish imkonini yoʻqqa chiqaradi.

- “Visa” karta bilan bogʻliq jinoyat haqidagi xabarda plastik karta Oʻzbekistonda ochilgani, undagi mablagʻlar Londonda yechib olingani aytilgan. Buni qanday izohlash mumkin?

- Maʼlumki, xalqaro toʻlov kartalarida ikki xil turdagi xavfsizlik kodi mavjud boʻlib, terminal va bankomatlar uchun 4 xonali pinkod hamda internet orqali toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan CVV (CVC) kodlardan iborat.

Bank kartasining 4 xonali pin-kodi kartani mijozga taqdim etish jarayonida maxsus konvertda yashirilgan boʻladi va mijoz buni mustaqil ravishda oʻzgartirishi mumkin. Internet orqali toʻlovlarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan CVV (CVC) kod esa, bank kartasining orqa qismiga yozilgan boʻladi.

Internet orqali toʻlovlarni amalga oshirish uchun elektron tijorat tashkilotining internet veb-saytida bank kartasining old tomonidagi rekvizitlar va orqa tomonidagi CVV (CVC) kodlarini kiritish kifoya qiladi va dunyoning istalgan joyidan internet orqali toʻlovni amalga oshirish mumkin.

Binobarin, “Visa” xalqaro toʻlov tizimi kartalarining old va orqa tomonidagi rekvizitlarni oshkor qilmaslik zarur. Bunday firibgarlikdan himoyalanish uchun internet orqali amalga oshiriladigan xaridlarda zarur summani asosiy kartadan qoʻshimcha virtual “Visa” kartasiga oʻtkazib, toʻlovni virtual karta rekvizitlari orqali amalga oshirish tavsiya etiladi. Virtual “Visa” kartasi xizmat koʻrsatuvchi bankning mobil ilova dasturida asosiy kartaga qoʻshimcha ravishda bepul chiqarib beriladi.

- Sotuvchi yoki xizmat koʻrsatuvchilar plastik karta parolini soʻrashi qanchalik toʻgʻri?

- PIN-kod – har bir bank kartasi egasining shaxsiy identifikatsiya raqami boʻlib, u karta hisobvaragʻidagi pul mablagʻlarini boshqarish huquqini beradi.

Karta egalari savdo va xizmat koʻrsatish punktlarida toʻlovlarni amalga oshirish chogʻida ushbu PIN-kod raqamini savdo terminaliga oʻzlari mustaqil kiritishlari maqsadga muvofiq.

Buning uchun sotuvchidan terminal uskunasini taqdim etishni soʻrash kerak. Ayrim hollarda savdo va xizmat koʻrsatish subyektlarida har xil bahonalar bilan xaridorga PIN-kodni oʻzi kiritishga imkoniyat yaratilmaydi. Shunday boʻlgan taqdirda ham mijoz terminal uskunasini berishlarini talab qilishga haqli.

Aytib oʻtish kerakki, hozirgi kunda HUMO bank kartalari NFC texnologiyasiga ega boʻlib, ushbu kartalar orqali 50 ming soʻmgacha (“Makro” va “Korzinka” supermarketlarida 250 ming soʻmgacha) toʻlovni PIN-kodni termagan holda amalga oshirish mumkin.

- Plastik karta bilan muomala qilish karantin sharoitida yana-da kuchaydi. Mablagʻimiz xavfsiz saqlanishi uchun yana qanday tavsiyalarga rioya etishimiz kerak?

- Karantin sharoitida bank kartasi orqali toʻlovlarni oʻtkazish yana-da ommalashmoqda. Shu davrda kiberjinoyatchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali har xil vajlar bilan karta egalariga SMS-xabarnomalar joʻnatmoqda. Bunday xabarlarga aslo javob bermaslik kerak.

Shuningdek, toʻlov vaqtida karta qoʻldan-qoʻlga berilgan hollarda uni oddiy dezinfeksiyalash vositasi bilan zararsizlantirish mumkin (suvda yuvish va kuchli taʼsir etuvchi vositalar ishlatish tavsiya etilmaydi).

Savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida toʻlovni amalga oshirish chogʻida esa begona shaxslarga shaxsiy PIN-kod raqamini oshkor qilmaslik zarur.

Bundan tashqari, xalqaro bank kartalari egalaridan bank kartasi rekvizitlari va CVV (CVC) kodlarini begona shaxslarga oshkor qilmaslik va internet-sayt “3D secure” xavfsizlik xizmatini ishlatgan taqdirda toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida undan foydalanish tavsiya etiladi.