5 iyun – Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi Navoiy viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi va “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi hamkorligida “Plastik ifloslanishga qarshimiz!” shiori ostida ekomarafon o‘tkazildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida ekologik holatni yaxshilash, suv qaytgan qismlarda hudud iqlimiga mos o‘simliklar ekish hamda “sahro feruzasi”ning flora va fauna olamini asrashga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.


Jumladan, yil boshidan buyon ko‘llar tizimida ikki marotaba jamoatchilik monitoringlari o‘tkazildi.
– Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida jamoatchilik nazoratini olib bormasak, kelgusi avlod uchun katta ekologik xavf paydo bo‘lishi mumkin, – deydi “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati bo‘linmasi rahbari G‘ofir Aliyev. – Bugungi hasharda ham ayrim salbiy holatlarga guvoh bo‘ldik. Misol uchun, noqonuniy baliq ovi bilan shug‘ullanuvchilar to‘rlarni tashlab ketishi oqibatida qushlar va baliqlar nobud bo‘lmoqda. Shuningdek, dam olishga kelgan mahalliy aholi vakillari ham turli ichimliklardan bo‘shagan idishlar va ovqat qoldiqlarini duch kelgan joyga tashlab ketishgan. Mana shunday holatlarga qarshi keskin kurashishimiz, targ‘ibot tadbirlarini ko‘paytirishimiz kerak.

Hashar davomida 1 tonnadan ziyod chiqindilar yig‘ib olindi va maxsus avtotransport vositalarida tashib ketildi. Marafon tadbiri so‘ngida faol ishtirokchilarga hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA