2040 yilga kelib global miqyosda plastik chiqindilar hajmi yiliga 280 million tonnaga yetishi mumkin, deb yozmoqda “The Guardian” nashri.
Ekologlar fikricha, o‘sib borayotgan muammoning asosiy sababi – qadoqlash sanoatidir. Joriy yilda plastik qadoqlash (plyonkalar, sumkalar, shishalar va idishlar) barcha global plastik chiqindilarning 33 foizini tashkil etgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, 2040 yilga kelib tizimli o‘zgarishlar bilan plastik ifloslanishni 97 foizga kamaytirish mumkin. Qayd etish kerak, plastmassa atrof-muhitga zarar yetkazishdan tashqari, sog‘liq uchun ham xavf tug‘diradi. Uning tarkibida 16 mingdan ortiq kimyoviy moddalar, shuningdek, ko‘plab ifloslantiruvchi moddalar mavjud. Tahlillar bularni gormonal buzilishlar, tug‘ilishning pasayishi, bolalarda kognitiv buzilishlar, diabet va yurak-qon tomir kasalliklari va saraton xavfining ortishi bilan bog‘laydi.
Yana bir tashvishli jihat shuki - bu plastik ishlab chiqarishning iqlimga ta’siri. Ushbu tizimdan chiqadigan yillik issiqxona gazlari chiqindilari 2025 yilda 2,7 GtCO₂ ekvivalentini tashkil etgan bo‘lsa, 2040 yilga kelib ular 58foizga oshib, 4,2 GtCO₂ ekvivalentiga yetishi mumkin.
– Hali ham umid bor, jahon hamjamiyati plastikni qayta ishlash tizimini qayta loyihalashi va ifloslanish muammosini bir avlod ichida hal qilishi mumkin, - deydi “Pew Charitable Trusts” xayriya jamg‘armasi vakili Tom Dillon. - Ammo buning uchun qarorlarda insoniyat va sayyora manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak.
Go‘zal Sattorova, O‘zA