Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Piyodalarning erkin va xavfsiz harakatlanishi ta’minlanadi
13:24 / 2026-02-01

FOTOREPORTAJ

So‘nggi yillarda Jizzax viloyatida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun xavfsiz va qulay harakat muhitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahar va tumanlarda yangi avtomobil yo‘llari, yerusti va yerosti piyodalar o‘tish yo‘llari barpo etilib, ko‘chalar zamonaviy qiyofa kasb etmoqda.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Jizzax shahri hududida piyodalar uchun mo‘ljallangan yerosti o‘tish yo‘llari soni 5 tani tashkil etgan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishdagi ishlar 2026 yilda ham izchil davom ettiriladi.

Joriy yilda shahar transport harakati eng gavjum hududlardan biri — Sharof Rashidov va Buyuk Turon ko‘chalari kesishmasida yangi yerosti piyodalar o‘tish yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu chorraha Qassoblik, Zargarlik, Sayiljoyi va Jizzaxlik mahallalarini bog‘lab turuvchi muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda mazkur hududda turarjoylar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari hamda ta’lim muassasalari soni ortib, piyodalar va avtotransport harakati keskin oshgan.

— Bu hududda bir sutkada o‘rtacha 50–60 mingta avtotransport vositasi va 10–15 ming nafar piyoda harakatlanadi, - deydi Jizzax viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Husniddin Suvonov. — Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida piyodalar uchun yerosti o‘tish yo‘li qurish loyihasi hayotga tatbiq etilmoqda. Yerosti o‘tish yo‘li to‘rt tomonlama kirish-chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib, “shaxmat” usulida loyihalangan. Uning umumiy uzunligi 300 pogonometrni tashkil etadi. Asosiy maqsad — mahallalar o‘rtasida piyodalarning erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlashdan iborat.

Shu bilan birga, shahar infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida yirik yo‘l qurilishi loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, tranzit avtotransport vositalarining Jizzax shahriga kirmasdan aylanma yo‘l orqali harakatlanishini ta’minlash uchun 22 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li barpo etilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda mazkur yo‘nalishning 700 metrdan ortiq qismida qurilish ishlari bajarildi.

Bundan tashqari, Sirdaryo — Jizzax xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘lini Jizzax shahrigacha 73 kilometrgacha uzaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.

[gallery-27413]

Yo‘lsozlar tomonidan barpo etilayotgan zamonaviy yo‘llar, yerosti piyodalar o‘tish yo‘llari va ko‘priklar aholining uzog‘ini yaqin qilish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Viloyatda amalga oshirilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari inson qadrini ulug‘lash, aholining xavfsiz va farovon hayotini ta’minlashga qaratilgan.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA